Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

May 06, 2026. 16:20 • 4 daq

6
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Turkiya o‘zining qitʼalararo raketasini taqdim etdi

Turkiya Milliy mudofaa vazirligi Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan SAHA-2026 xalqaro mudofaa, aviatsiya va kosmik sanoat ko‘rgazmasida “Yildirimhan” qitʼalararo raketasini taqdim etdi. Raketa vazirlik ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan yaratilgan va mudofaa mahsulotlarining yangi namunalari taqdimoti doirasida namoyish etilgan.

Manba: Anadolu

***

Janubiy Koreya sobiq birinchi xonimining qamoq muddatini uzaytirgan sudya o‘lik holda topildi

Janubiy Koreya sobiq birinchi xonimi Kim Gon Xiga nisbatan qamoq jazosini uzaytirgan sudya Sin Chjo O o‘lik holda topildi. Maʼlum qilinishicha, sudyaning jasadi Seul Oliy sudi binosi yonida aniqlangan. 55 yoshli marhumaning jasadi mahalliy vaqt bilan soat 1:00 atrofida gulzorda topilgan. Uning cho‘ntagida o‘lim oldi maktubi borligi aniqlangan. Unda kechirim so‘ralgan, biroq sud ishi haqida hech narsa deyilmagan. Politsiya bir nechta taxminlarni, jumladan, o‘z joniga qasd qilish versiyasini ko‘rib chiqmoqda.

Manba: Yonhap

***

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi “Ozodlik loyihasi” to‘xtatilishini maʼlum qildi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozida kemalarni kuzatishga asoslangan “Ozodlik loyihasi” vaqtincha to‘xtatilganini aytdi. Trampning fikricha, bu qaror Eron bilan kelishuvni yakunlash imkoniyatini ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa avvalroq “Epik g‘azab” operatsiyasi yakunlanganini va barcha maqsadlar bajarilganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Eron bilan keng qamrovli kelishuvga erishmoqchi.

Manba: Truth Social

***

Qozog‘iston 2027-yildan Rossiya elektridan voz kechishni rejalashtirmoqda

Qozog‘iston 2027-yildan Rossiya elektr energiyasidan voz kechishni reja qilmoqda. Bunga yangi stansiyalar qurilishi va amaldagilarining modernizatsiyasi orqali ichki generatsiyani oshirish bilan erishilmoqchi. Mamlakat AES ishga tushishini kutmasdan, energetik mustaqillikka erishishni ko‘zlamoqda. Qozog‘iston o‘zining energetika obyektlari muvaffaqiyatli ishga tushirilgan taqdirda, 2027-yildan boshlab Rossiya elektr energiyasi yetkazib berilishidan voz kechishni rejalashtirmoqda. Bu haqda energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Manba: Zakon.kz   

***

Ruminiya parlamenti hukumatni isteʼfoga chiqardi

Ruminiyada mamlakat parlamenti Bosh vazir Iliye Bolojan hukumatiga nisbatan ishonchsizlik votumini qabul qildi. Oqibatda markaz-o‘ng kuchlar rahbarligidagi hukumat rasman quladi. Qayd etilishicha, ovoz berish oldidan o‘tgan keskin muhokamalarda Bolojan bu qarorni keskin tanqid qilgan. U ishonchsizlik votumini asossiz va sunʼiy deb atab, inqirozlar sharoitida hukumatlarni almashtirish emas, balki mustahkamlash zarurligini taʼkidlagan.

Manba: Politico

***

Ispaniyada rekord miqdordagi kokain musodara qilindi

Ispaniya huquqni muhofaza qiluvchi organlari Atlantika okeanida kema orqali olib kelingan yirik partiyadagi kokainni qo‘lga kiritdi. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, musodara qilingan narkotik modda hajmi 35–40 tonna atrofida bo‘lib, bu mamlakat tarixidagi eng yirik operatsiyalardan biri bo‘lishi mumkin. Ispaniya fuqaro gvardiyasi Kanar orollari yaqinidagi xalqaro suvlarda kemani to‘xtatgan. Amaliyot davomida qariyb 20 nafar shaxs hibsga olingan. Manbaga ko‘ra, kema yukxonasi to‘liq kokain bilan to‘ldirilgan bo‘lgan.

Manba: CBS News

***

Amsterdamda go‘sht va qazib olinuvchi yoqilg‘i reklamasi taqiqlandi

Amsterdamda go‘sht hamda tarkibida qazib olinuvchi yonilg‘i turlari mavjud bo‘lgan mahsulotlar reklamasiga qarshi taqiq kuchga kirdi. Shu yo‘l bilan Niderlandiya poytaxti rasmiylari issiqxona gazlari chiqindilarini minimal darajaga tushirish va go‘sht isteʼmolini kamaytirishni maqsad qilgan. Amsterdam go‘sht mahsulotlari, shuningdek, qazib olinuvchi yonilg‘idan foydalaniladigan tovar va xizmatlar reklamasini taqiqlagan dunyodagi birinchi poytaxt bo‘ldi.

Manba: BBC News      

***

Yangi Zelandiyada 2027-yildan boshlab migrantlar uchun fuqarolik testi joriy etiladi

Mamlakat ichki ishlar vaziri Bruk van Veldenning bayonotiga ko‘ra, 2027-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Yangi Zelandiya fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan migrantlar uchun majburiy test joriy etiladi. Mazkur imtihon davlat boshqaruvi va inson huquqlari kabi mavzularni qamrab oladi. ​Test ingliz tilida, anʼanaviy shaklda o‘tkaziladi va 20 ta ko‘p variantli savoldan iborat bo‘ladi. Muvaffaqiyatli o‘tish uchun kamida 15 ta savolga to‘g‘ri javob berish talab etiladi. Savollar Inson huquqlari to‘g‘risidagi qonun, saylov huquqi, demokratik tamoyillar va hukumat tuzilishi kabi sohalarga oid bo‘ladi.

Manba: Reuters  

***

Moskvada 40 dan ortiq havo hujumidan mudofaa tizimi minorasi o‘rnatildi

Rossiya hukumati Ukrainaning hujum tahdidlari fonida Moskvaga 40 dan ortiq qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimi minorasini o‘rnatdi. Poytaxt atrofida bosqichma-bosqich havo hujumidan mudofaa tizimi shakllantirilmoqda. Sunʼiy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, 2025-yilda shahar yaqinida “Pansir-S1” zenit-raketa tizimlari (ZRPK) o‘rnatilgan qo‘shimcha 43 ta minora qayd etilgan. Gap sovet davridagi 50 kilometr radiusga ega “kichik halqa” havo mudofaasi tizimini qayta tiklashni davom ettirish haqida ketmoqda. Bu tizim sovuq urush davrida amalda qo‘llanmagan.

Manba: Bild   

***

Kim Chen In rasman yadro qurolidan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi

KXDR konstitutsiyasining yangi tahririga ko‘ra, Kim Chen In yadro qurolini qo‘llash huquqi bilan davlat rahbari etib qayta tayinlandi. Shimoliy Koreyaning yangi konstitutsiyasi Kim Chen Inga Davlat ishlari raisi sifatida yadro qurolidan foydalanish huquqini beradi. Bundan tashqari, hujjatda mamlakat “urushning oldini olish” maqsadida yadro qurolini ishlab chiqishni davom ettirishi aytilgan.

Manba: Reuters

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish