“London Post”: O‘zbekistonda ta’lim tizimining transformatsiyasi kelajak uchun mustahkam poydevor yaratmoqda
Noyabr 02, 2026. 19:00 • 2 daq
• 227
LONDON, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning “London Post” yangiliklar portalida “O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlar: erishilgan yutuqlarni rivojlantirish va sifatni oshirish” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlari keskin kengaygani, endilikda asosiy e’tibor o‘qitish sifatini oshirish va zamonaviy iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilayotgani qayd etilgan.
Britan nashri keltirgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim qamrovi 2017-yildagi 25,4 foizdan 2025-yilda 78 foizga yetgan, oliy ta’lim qamrovi esa 2016-yildagi 7,2 foizdan 2024-yilda 47,7 foizgacha oshgan. Xususiy maktablar soni 30 tadan 705 taga ko‘paygan, shuningdek, 2025-yilga kelib Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar soni 216 tani tashkil etgan.
Shuningdek, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining xalqaro fan olimpiadalaridagi yutuqlari e’tirof etilib, bir yilda qo‘lga kiritilgan medalonlar soni 2019-yildagi 30 tadan 2025-yilda 210 taga yetgani ta’kidlangan.
Maqolada yangi bosqichdagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari sifatida o‘quv dasturlarini tanqidiy fikrlash va amaliy ko‘nikmalarga asoslangan holda yangilash, o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, raqamlashtirish hamda oliy o‘quv yurtlarini akkreditatsiya qilishning qat’iy tizimini joriy etish alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Professional ta’lim yo‘nalishida esa dual ta’lim tizimi rivojlanib, minglab o‘quvchilar ish beruvchilar bilan hamkorlikda tahsil olayotgani qayd etilgan.
Britaniya nashri O‘zbekiston ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishda ulkan yutuqlarga erishganini, islohotlarning navbatdagi bosqichi esa ta’lim sifatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini qayd etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi