O‘zbekistonlik yosh mutaxassislar uchun Quvayt mehmonxonasida amaliyot o‘tash va ishlash imkoniyati yaratiladi
Sentabr 25, 2026. 17:00 • 2 daq
• 77
AL-KUVAYT, 25-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Quvaytning “Courtyard by Marriott” mehmonxonasi vakillari o‘rtasida o‘zbekistonlik talaba va bitiruvchilarning mehmonxona sohasida amaliyot o‘tashi va ishga joylashishi bo‘yicha onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat jarayonida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatning Quvaytdagi elchixonasi, Migratsiya agentligi va Kasb-hunar ta’limi agentligi mutaxassislari hamda “Marriott International” xalqaro mehmonxonalar tarmog‘i brendi hisoblangan “Courtyard by Marriott” vakili ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekistonning kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilarini amaliyotga jalb qilish va keyinchalik mehmonxonaga ishga joylashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Mehmonxona vakilining ta’kidlashicha, nomzodlarni tanlashda turizm va texnik mutaxassisliklar bo‘yicha kasbiy tayyorgarlikka, ingliz tilini bilish darajasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Ishga qabul qilingan xodimlar turar joy, uch mahal ovqat, transport va tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanadi. Mehnat shartnomalarini bir yil muddatga tuzish rejalashtirilgan.
Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini tayyorlashga kelishib oldi. Mehmonxona bo‘sh ish o‘rinlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va mehnatga haq to‘lash shartlari to‘g‘risida ma’lumot taqdim etadi, shundan so‘ng Migratsiya agentligi ish izlovchilarni dastlabki saralashdan o‘tkazadi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar keyingi qadamlarni, jumladan, memorandum loyihasini tayyorlash va kelishish, bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatini aniqlashtirish hamda keyinchalik nomzodlarni tanlashni boshlashni belgilab oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi