Italiyaning Apuliya hududi ishbilarmonlari O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda
Sentabr 25, 2026. 17:30 • 2 daq
• 15
BARI, 25-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bari shahrida mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan “O‘zbekiston diqqat markazida” mavzusida tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur uchrashuv Apuliya hududi administratsiyasi hamda Savdo-sanoat palatalari uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda Apuliyaning yuzga yaqin kompaniyasi vakillari ishtirok etib, O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va istiqbolli yo‘nalishlar haqida ma’lumot oldi.
Mamlakatimiz elchisi Abat Fayzullayev O‘zbekiston–Italiya munosabatlari izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, italiyalik ishbilarmonlarga yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.
Apuliya hududi vakillari ham O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirdi. Xususan, Savdo-sanoat palatasi prezidenti Vinchenso Chezaro hamda Apuliya hududi iqtisodiyot vaziri Eujenio di Shiasho mamlakatimizning mintaqadagi muhim iqtisodiy o‘rni va biznes uchun yaratilayotgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Apuliya kompaniyalari uchun Markaziy Osiyo bozoriga chiqishda muhim hamkorga aylanishi mumkin. Mamlakatning mintaqadagi o‘rni, bozor imkoniyatlari va biznes yuritish uchun yaratilayotgan sharoitlar bu qiziqishni yanada oshirmoqda.
Muloqot davomida tomonlar joriy yilning noyabr oyida Apuliya tadbirkorlarining O‘zbekistonga biznes missiyasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi