Antaliyadagi COP31 sammitida Markaziy Osiyoda iqlimga moslashish bo‘yicha mintaqaviy tashabbuslar taqdim etildi
Noyabr 09, 2026. 20:00 • 4 daq
• 449ANTALIYA, 9-noyabr./“Dunyo” AA/. Antaliya shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi (COP31) doirasida O‘zbekiston ishtirokida qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbirlarda mintaqaning suv-iqlim barqarorligi, iqlim o‘zgarishining yoshlar salomatligiga ta’siri, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi tizimlarini moslashtirish, Markaziy Osiyo landshaftlarini tiklash dasturini ishga tushirish kabi masalalar qamrab olindi.
“Moslashuv imkoniyatlaridagi tafovutni bartaraf etish: Markaziy Osiyoning suv-iqlim barqarorligi” mavzusidagi tadbir mintaqa davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillarini bir davraga jamladi.
Ishtirokchilar milliy darajadagi moslashuv va transchegaraviy daryo havzalari bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlar xususida fikr almashdilar. Birgalikda monitoring va ma’lumot almashish, erta ogohlantirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish hamda ekologik loyihalarni moliyalashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston tomoni suv xo‘jaligi yo‘nalishidagi tajribasi hamda BMT Taraqqiyot dasturi va Yaponiya bilan hamkorlikda Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan loyihalarni taqdim etdi.
Tashkilotchilar “Antaliya–Ab-u-Dabi: Markaziy Osiyoning suv-iqlim barqarorligi bo‘yicha harakatlar kun tartibi” nomli hujjatni ishlab chiqish va undagi takliflarni BMTning Ab-u-Dabida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon suv konferensiyasi kun tartibiga kiritishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston milliy pavilonida “Ruhiy salomatliksiz umumiy salomatlik bo‘lmaydi: iqlim o‘zgarishi sharoitida yoshlar farovonligi” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Unda ekologik xavotir, qurg‘oqchilik, suv taqchilligi va majburiy ko‘chishlarning yoshlar ruhiy-emotsional holatiga ta’siri ko‘rib chiqildi.
Qatnashchilar iqlimga oid qarorlar qabul qilishda yoshlar tajribasini inobatga olish va ommabop psixologik ko‘mak mexanizmlarini yaratish zarurligini alohida qayd etdilar.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash sohasida gender jihatlari hisobga olingan moslashuv tadbirlarini moliyalashtirishga bag‘ishlangan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar jazirama issiq va suv zaxiralarining qisqarishi, avvalo, ayollar, o‘smir qizlar hamda qishloq aholisi uchun qo‘shimcha xatarlarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladilar.
GGGI va UNFPA iqlim o‘zgarishiga bardoshli sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Ayni paytda Qoraqalpog‘istonda onalar salomatligini muhofaza qilishning barqaror tizimi modeli ishlab chiqilmoqda. Qirg‘izistonda esa shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash dasturi yo‘lga qo‘yildi.
FAO mamlakat Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirayotgan “FOLUR-Uzbekistan” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazdi. Unda qurg‘oqchilik, suv taqchilligi va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish, to‘g‘ridan to‘g‘ri ekish (No-till), tuproqqa minimal ishlov berish, ekin turlarini ko‘paytirish (diversifikatsiya) va fermerlarni o‘qitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Germaniya pavilonida-2026-yil-28-oktyabr kuni Yashil iqlim jamg‘armasi Kengashi tomonidan ma’qullangan “Markaziy Osiyoning iqlimga chidamli landshaftlari” (CLiCA) mintaqaviy dasturiga start berildi.
Mazkur dastur O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston tomonidan Yashil iqlim jamg‘armasi, Germaniya hukumati, GIZ hamda Yevropa investitsiya banki ko‘magida ishlab chiqilgan. O‘zbekiston uchun to‘rtta viloyatdagi 15 ta tumanga yo‘naltiriladigan 103,7 million yevro miqdoridagi investitsiya ko‘zda tutilgan.
Dastur 18 ming gektar o‘rmon va 123 ming gektar yaylovni qayta tiklash, tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish, qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar yetishtirish va issiqxonalar barpo etishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, 12 ming fermer iqlim masalalari bo‘yicha maslahatlar oladi.
Natijada 342 ming kishining iqlim o‘zgarishlariga chidamliligi oshadi, ularning yarmini ayollar tashkil etadi. Kiritilgan har bir yevro miqdoridagi milliy badalga sheriklar tomonidan 24 yevrodan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni ma’lum qildi. Bular dasturni-2027-yilda to‘liq amalga oshirish, erishilgan natijalar uchun milliy javobgarlikni ta’minlash va ochiq hisobdorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
“Bugungi hujjat imzolash marra emas, balki yangi sa’y-harakatlar uchun boshlanish nuqtasidir”, – dedi A. Abduhakimov.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









