Belarus xususiy bandlik agentliklari o‘zbek migratsiya bozoriga qiziqmoqda
Noyabr 10, 2026. 18:26 • 2 daq
• 2
MINSK, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Belarus poytaxtida mamlakatimiz mehnat migrantlarini xorijda manzilli va xavfsiz ish bilan ta’minlash hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlariga xorijiy tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida belaruslik soha mutaxassislariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy islohotlar, milliy mehnat bozorining bugungi holati, mavjud salohiyati hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil taqdimot o‘tkazildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilarga joriy yil 30-noyabr – 5-dekabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yangi O‘zbekiston – global imkoniyatlar chorrahasi” xalqaro biznes-forumi doirasida yaratilayotgan yirik platforma haqida ma’lumot yetkazildi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston Migratsiya agentligi va xususiy bandlik kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, elchixona huzurida tashkil etilayotgan “migratsiya masalalari bo‘yicha kengash” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekiston fuqarolarini Belarus mehnat bozorida qonuniy va manzilli ish bilan ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlari, xususan, yuqori texnologiyalar, IT, tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlari uchun yuqori malakali kadrlar almashinuvini faollashtirishda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi