O‘zbekiston Prezidenti va Italiya Bosh vaziri Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar
Yanvar 19, 2026. 22:05 • 2 daq
• 53
TOSHKENT, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizda to‘xtagan Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston – Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
2025-yilning may oyida Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalarning soni barqaror o‘sib bormoqda. Hududlararo, shu jumladan, Lombardiya bilan almashinuvlar rivojlanmoqda. O‘zbekiston fuqarolarining tartibli mehnat migratsiyasi uchun kvotalar ajratildi.
“Finopera”, “ANCI”, “Pietro Fiorentini”, “Danieli” va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda yirik sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil oxirida Samarqandda Tushia universitetining filiali ochildi.
Joriy yilda tashqi siyosat idoralari strategik muloqoti va hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishlari, shuningdek, ikkinchi Rektorlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
To‘qimachilik sanoati, geologiya, energetika, kimyo, qurilish materiallari, moliya bozori va boshqa ustuvor sohalardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Italiyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Italiya kinosi kunlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zbekistonning navbatdagi Venetsiya biyennalesida ishtirok etishi hamda bu yil Milanda amaliy sanʼat va muzey ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
