Buyuk Britaniyadan munosabat: O‘zbekistonning malakali diplomatlari mamlakatning xalqaro imijini yanada oshirmoqda
Yanvar 20, 2026. 10:41 • 2 daq
• 20
LONDON, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning mashhur “London Post” nashri muharriri Raza Sayed “Dunyo” AA uchun 15-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev murakkab va shiddatli geosiyosiy vaziyat sharoitida o‘zbek diplomatiyasini yuqori baholadi va kelgusi yillarda faoliyatni faollashtirish bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar oldida turgan yangi vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikning faol va masʼuliyatli ishtirokchisi sifatidagi mavqei sezilarli darajada mustahkamlanganini taʼkidlab, tashqi savdo hajmi sezilarli darajada oshgani qayd etdi. U xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport bozorlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, transport-logistika infratuzilmasi va turizmni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan iqtisodiy diplomatiyani tubdan kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi, xorijda qonuniy va yuqori daromadli ish o‘rinlarini kengaytirish, O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, diplomatik vakolatxonalar tomonidan ko‘rsatilayotgan konsullik-huquqiy yordamni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar samarali tus oldi. Keyingi yillarda 11 mamlakat bilan strategik sheriklik o‘rnatilib, ularning soni 19 taga yetdi, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi.
Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasini yangilash, yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha belgilangan rejalar O‘zbekistonning milliy manfaatlarini qatʼiy himoya qilish va Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan faol tashqi siyosatiga yangi surʼat bag‘ishlaydi.
Yig‘ilishda O‘zbekistonning malakali diplomatlariga mamlakatning xalqaro imijini yanada oshirishi uchun kerakli taklif va topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
