Logo

"The World News": O‘zbekiston Pokistonning Karachi porti orqali O‘zbekiston mahsulotlari tranzitini oshirish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi

Yanvar 20, 2026. 09:09 • 2 daq

8
"The World News": O‘zbekiston Pokistonning Karachi porti orqali O‘zbekiston mahsulotlari tranzitini oshirish bo‘yicha muzokara o‘tkazdi

ISLOMOBOD, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «The World News» elektron nashri "O‘zbekiston va Pokiston sanoat, investitsiya va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytiradi" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

"O‘zbekiston va Pokiston Xunjerab dovoni orqali Pokiston–Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston xalqaro transport yo‘lagi doirasida xalqaro transport aloqalarini rivojlantirish hamda hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi", – deb yozilgan maqola avvalida.

Taʼkidlanishicha, muzokaralar O‘zbekiston delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux G‘ulomov hamda Pokiston Milliy logistika korporatsiyasi (NLC) bosh ijroiya direktori Shoaib Ahmad Xon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida o‘tkazildi.

Tashrifning asosiy maqsadi sanoat, investitsiya va logistika sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida tranzit bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘ldi.

"O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida delegatsiya Karachi porti imkoniyatlari bilan tanishdi. Shuningdek, port infratuzilmasidan foydalangan holda tranzit yo‘nalishlarini kengaytirish va O‘zbekiston mahsulotlarining xalqaro bozorlarga chiqishini osonlashtirish masalalari muhokama qildi. Tashrif yakunlariga ko‘ra, tomonlar mintaqaviy transport bog‘liqligini yaxshilashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni batafsil ishlab chiqish va maslahatlashuvlarni davom ettirish bo‘yicha kelishib oldilar",– deyilgan manbada.

Maqolada 2025-yil yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonning Pokiston bilan savdo aylanmasi 434,4 million AQSh dollarini tashkil etib, 2024-yilning shu davriga (371,5 million dollar) nisbatan 16,9 foizga oshgani haqidagi maʼlumotlar ham o‘quvchilar eʼtiboriga taqdim etilgan. "2023-yil yanvar–noyabr oylarida qayd etilgan 356,0 million dollarlik ko‘rsatkich bilan solishtirilganda esa, savdo aylanmasi 22 foizga o‘sgan bo‘lib, bu ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar barqaror ravishda kengayib borayotganini ko‘rsatadi", – deya urg‘ulangan maqola yakunida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish