Minskdagi ulgurji ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida O‘zbekiston agrosanoat majmuasi imkoniyatlari namoyish etildi
Noyabr 20, 2026. 10:30 • 2 daq
• 22
MINSK, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Minsk shahrida o‘tkazilayotgan 32-Xalqaro ixtisoslashtirilgan “PRODEXPO-2026” ulgurji ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida O‘zbekiston agrosanoat majmuasining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy markazi hamda Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi tomonidan tashkil etilgan “MDH doirasida kooperatsion hamkorlik” xalqaro forumida O‘zbekistonning agrar va oziq-ovqat sohalaridagi imkoniyatlari, qo‘shma loyihalar va MDH makonida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan alohida taqdimot o‘tkazildi.
Ishtirokchilarga mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirishda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatining o‘rni, qayta ishlash sohasidagi islohotlar, shuningdek, an’anaviy savdodan ishlab chiqarish va texnologik kooperatsiyaga o‘tish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Belarusning “Servoluks” kompaniyasi O‘zbekiston bilan sanoat kooperatsiyasi loyihalari haqida so‘zlab berdi. Xususan, Belarusning “Bellakt” OAJ ishlab chiqarish quvvatlari negizida O‘zbekistonning ilk milliy brendi — “Safolak” ostida bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirilgani qayd etildi.
17–20-noyabr kunlari Minskdagi “BelEkspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tayotgan mazkur ko‘rgazma-yarmarkada yetti mamlakatdan 160 dan ortiq kompaniya qatnashmoqda.
Ayni paytda Belarusda O‘zbekiston kapitali ishtirokida chorvachilik sohasida 40 ga yaqin loyiha amalga oshirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi