O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi yangi hamkorlik modeli katta istiqbolga ega
Noyabr 20, 2026. 09:30 • 3 daq
• 133
TЕL-AVIV, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Isroil Axborot urushlarini tadqiq etish instituti (ISIWIS) internet-platformasi bosh muharriri Yuriy Bocharovning O‘zbekiston Prezidentining O‘mon Sultonligiga davlat tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallifning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘mon Sultonligiga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi.
Muzokaralar chog‘ida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, 30 dan ortiq hujjat imzolandi. Eng muhimi, tomonlar hamkorlikni an’anaviy savdo-sotiq doirasidan chiqarib, qo‘shma investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi va xalqaro bozorlarni birgalikda o‘zlashtirishga yo‘naltirishga kelishib oldi.
O‘zbekiston–O‘mon biznes-forumida umumiy qiymati 5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirilib, o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi. Holbuki, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 3,2 million dollar atrofida bo‘lgan. Bu raqamlar yangi maqsadning naqadar ulkan ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston taklif etayotgan yangi iqtisodiy model tayyor mahsulotlarni eksport qilish bilangina cheklanmaydi. U qo‘shma korxonalar tashkil etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqishni nazarda tutadi.
Bu borada ikki davlatning iqtisodiy imkoniyatlari bir-birini to‘ldiradi. O‘zbekiston sanoat salohiyati, xomashyo resurslari, mehnat bozori va ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega. O‘mon esa investitsiya kapitali, dengiz portlari va Fors ko‘rfazi, Hind okeani hamda Sharqiy Afrika bozorlariga chiqish imkoniyatlari bilan ajralib turadi.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. O‘monning “Asyad” logistika guruhining O‘zbekistondagi yirik logistika kompaniyalariga kirib kelishi, Sohor portida logistika infratuzilmasini rivojlantirish, yagona savdo-logistika platformasini tashkil etish va aviaqatnovlarni kengaytirish tovarlarni xalqaro bozorlarga yetkazib berish imkoniyatlarini oshirishi mumkin.
Ekspertning fikricha, sanoat kooperatsiyasi ham yangi sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Xususan, kabel va transformator mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish hamda ularni qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilmoqda. Kimyo sanoati, geologiya-qidiruv, mineral xomashyoni qayta ishlash va energetika sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston–O‘mon investitsiya kompaniyasi ustav kapitalini 500 million dollarga yetkazish, investitsiya fondlari faoliyatini kengaytirish va tijorat banki tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
E’lon qilingan 5 milliard dollarlik loyihalar portfelini amaldagi investitsiyalar, ishlab chiqarish quvvatlari va real eksport shartnomalariga aylantirish oson kechmaydi. Buning uchun samarali logistika, barqaror moliyalashtirish va raqobatbardosh mahsulotlar zarur.
O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi yangi hamkorlik modeli katta istiqbolga ega. Uning asosiy ustunligi shundaki, mamlakatlar faqat bir-biriga tovar sotish bilan cheklanmay, balki yangi qiymat yaratadigan ishlab chiqarish zanjirlari, investitsiya mexanizmlari va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini birgalikda shakllantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi