“Avrupa Times”: O‘zbekiston va Iordaniya madaniy meros va turizm sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirmoqda
Noyabr 20, 2026. 09:00 • 2 daq
• 68
LONDON, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning “Avrupa Times” yangiliklar portalida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning “O‘zbekiston va Iordaniya: madaniyat va san’at orqali ko‘priklar qurish” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada ta’kidlanishicha, geografiya jihatdan uzoqligiga qaramay, O‘zbekiston va Iordaniyani tarix, san’at va bilimga hurmatga asoslangan chuqur ma’naviy yaqinlik bog‘lab turadi.
Muallif gumanitar muloqotni mustahkamlashda 2024-yil oktyabr oyida Iordaniya malikasi Dana Firas bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv muhim bosqich bo‘lganini qayd etadi. Tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlari, badiiy almashinuvlar, moddiy va nomoddiy merosni saqlash loyihalari, shuningdek, Islom omili ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) doirasidagi hamkorlikni muhokama qildilar.
Maqolada iordaniyalik san’at arboblari va rasmiy delegatsiyalarning O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yirik xalqaro forumlardagi ishtirokiga alohida o‘rin berilgan. Ular qatorida Xiva shahridagi “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” madaniy forumi (2021-yil), Xalqaro lazgi raqs festivali (2022 va 2024-yillar), Zomin shahridagi xalqaro maqom san’ati festivali (2024-yil), Xivadagi IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali hamda Samarqanddagi “Sharq taronalari” musiqa festivali (2025-yil) bor.
Shuningdek, Iordaniya madaniyat vaziri Mustafo al-Ravashedaning “Samarqand - 2025-yil Islom olimi madaniy poytaxti” dasturining ochilish marosimida ishtirok etgani ham muhim voqea sifatida qayd etildi.
Yakunda o‘zbek-iordan gumanitar aloqalarining kelajagi uzoq muddatli sheriklikka o‘tishdan iborat ekani ta’kidlanadi. Madaniy turizm, ta’lim va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ikki xalqning ko‘p asrlik merosini yosh avlod uchun dolzarb va jozibali qilish, madaniyatni umumiy kelajakni qurishdagi mustahkam ko‘prikka aylantirish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi