Logo

Quvaytda Temur va temuriylar davriga oid kitoblar va eksponatlar keng namoyish etilgan

Fevral 26, 2026. 08:10 • 3 daq

4
Quvaytda Temur va temuriylar davriga oid kitoblar va eksponatlar keng namoyish etilgan
Quvaytda Temur va temuriylar davriga oid kitoblar va eksponatlar keng namoyish etilgan

AL-KUVAYT, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi diplomatlari ushbu davlatda saqlanayotgan Amir Temur va temuriylar davriga oid kitoblar va qo‘lyozmalar hamda ushbu davr sanʼati, meʼmorchiligi va miniatyuralariga oid eksponatlarni o‘rgandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Izlanishlar natijasida maʼlum bo‘ldiki, Kuvayt milliy kutubxonasida (National Library of Kuwait) Amir Temur va uning avlodlari haqida arab va ingliz tillaridagi zamonaviy tadqiqotlar, Temuriylar davrida ko‘chirilgan yoki o‘sha davr voqealari bayon etilgan qo‘lyozma nusxalari mavjud.

Jumladan, ushbu kutubxonada temuriylar davriga oid noyob qo‘lyozmalar va sanʼat asarlari katalogini o‘z ichiga olgan, 1983-yil Londonda nashr etilgan “Ajam al-Islam fi al-Mathaf al-Watani al-Kuwayti” kitobi bor.

Amir Temur hayoti va Temuriylar tarixiga oid asosiy manbalardan biri sanalgan, 1936-yilda Lahorda chop etilgan “Tamerlane, or, Timur: the Great Amir” asari ham ushbu maskanda saqlanyapti.

Temuriylar sulolasi asoschisi haqidagi afsonaviy biografiyalar va tarixiy manbalar tahliliga bag‘ishlangan, Ron Sela tomonidan 2011-yil Kembrijda nashr qilingan “The Legendary Biographies of Tamerlane” kitobi ham tarixchilarda katta taassurot qoldirmoqda.

Kuvayt milliy kutubxonasida saqlanayotgan, 2005-yil Londonda chop etilgan Amir Temurning harbiy yurishlari va imperiyasi haqidagi zamonaviy tadqiqot haqidagi Jastin Marossining “Tamerlane: Sword of Islam” nomli asarini mutolaa qilib, tarixda ro‘y bergan voqea-hodisalar haqida xabar topish mumkin.

Kuvaytdagi kutubxonalarning aksariyati elektron katalog tizimiga ega. Ularning veb-saytlari orqali “Timur”, “Timurids” yoki arabcha “تيمورلنك” so‘zlarini kiritib, kitoblar ro‘yxatini masofadan turib ham ko‘rish mumkin.

Kuvaytdagi “Dorul-Asar al-Islamiya” tashkilotining dunyoga mashhur “Al-Saboh” kolleksiyasida Temuriylar uyg‘onish davri sanʼati, meʼmorchiligi va miniatyuralariga oid maxsus nashrlar va albomlar mavjud.

Shu bilan birga, Kuvayt universiteti kutubxonasida Amir Temur davri bo‘yicha ilmiy ishlar, Ibn Arabshohning Amir Temur haqidagi asarlarning turli nashrlari mavjud. Universitetning catalog.ku.edu.kw sayti orqali kitoblarning raqamli bazasidan foydalanish mumkin.

Kuvayt universitetining gumanitar va ijtimoiy fanlar bo‘yicha fondlarida Temuriylar tarixiga oid qator tadqiqotlar saqlanmoqda. Xususan, 1998-yil Qohirada chop etilgan, Muhammad Said muallifligidagi “Al-Imbraturiya al-Timuriya” (Temuriylar imperiyasi tarixi), 1989-yil Kembrijda nashr qilingan “The Rise and Rule of Tamerlane” (Amir Temurning yuksalishi va boshqaruvi), 1989-yil Los-Anjelesda nashrdan chiqqan “Timurid Art and Culture” (Temuriylar sanʼati va madaniyati) asarlari Sohibqironning hayoti va faoliyatini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur fi navoib Temur” (Temur taqdiridagi taqdir ajoyibotlari) asari Kuvayt universitetida asosan arab tilidagi asl nusxalari va ilmiy tadqiqotlar sifatida mavjud.

Tariq Rajab xususiy muzeyi va kutubxonasida temuriylar davrining nafis sanʼatini o‘rganuvchi nodir nashrlar, temuriylar saltanatida xizmat qilgan olimlar va shoirlarning asarlari mavjud. Jumladan, muzeyi fondi va kutubxonasida Sulton Husayn Boyqaro “Devoni” (1500-yil, Hirot), Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si (1431–1432-yillar), Ibrohim Sulton Qurʼoni (1427-yil, Sheroz), Abdulla Sayirafiyning xattotlik namunalari (XIV asr oxiri), Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (1486-yil) kitoblarining qadimiy nusxalari saqlanmoqda.

Shuningdek, Kuvaytdagi “Dorul-Asar al-Islamiya” tashkilotining “Al-Saboh” kolleksiyasida Temuriylar uyg‘onish davri sanʼati, meʼmorchiligi va miniatyuralariga oid ashyolar mavjud. Bu yerda temuriylar va undan keyingi davrlarga oid qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan zargarlik buyumlari, qurollar va sanʼat asarlari bor.

Tariq Rajab xususiy muzeyida temuriylar davri sanʼati va adabiyotini aks ettiruvchi noyob qo‘lyozmalar va miniatyuralar, ushbu davrga oid nafis ishlangan metall idishlar, qurol-yarog‘lar va sopol buyumlar, temuriy xattotlar va olimlar tomonidan ko‘chirilgan asarlarni uchratish mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish