O‘zbekiston Prezidentiga poytaxtda urbanizatsiya jarayonlari va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi
Fevral 25, 2026. 17:15 • 3 daq
• 142
TOSHKENT, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti va aglomeratsiyasi jadal o‘sib, Toshkent shahrining doimiy aholisi 3,1 million nafardan oshdi. Shu bilan birga, 2045 yilga borib, shahar aholisi ikki barobardan ziyodga ortishi prognoz qilinmoqda. Bu esa urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy, transport-logistika, muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilmaga tushayotgan yuklamaga mutanosib holda rivojlantirishni talab etadi.
Shuningdek, shahar muhitini sog‘lomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydonini uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish, aholi jon boshiga yashil maydonlar hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘paytirish maqsad qilingan.
O‘tgan davrda tashabbuskorlar tomonidan qurilish bo‘yicha umumiy maydoni 2 ming 679 gektar bo‘lgan 85 ta loyiha taklifi kelib tushgan. Taqdimotda ushbu loyihalarni kompleks ko‘rib chiqishning natijalari haqida axborot berildi.
O‘rganish davomida har bir loyihani shaharsozlikning yagona yondashuvi asosida baholash, hududning kamida 30 foizida yashil maydonlar tashkil etish imkoniyati, renovatsiya orqali eskirgan hududlarni kompleks yangilash hamda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlar amaliyotidan voz kechish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ko‘rib chiqish yakunlaridan kelib chiqib, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 ta loyihaning yer maydoni, qavatlar soni va loyiha konsepsiyasiga o‘zgartirish kiritgan holda maqbullashtirish taklif etilgan, 54 ta loyihani esa konseptual jihatdan to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur deb topilgan.
Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini kengaytirish rejalari muhokama qilindi. Buning hisobiga Toshkent shahri markazidan yirik sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich ko‘chirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va ekologiya talablariga javob beradigan ishlab chiqarishlarni joylashtirish muhim ekani qayd etildi.
Maʼqullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida har yili qurilish hisobidan qo‘shimcha 1,5 milliard dollar yalpi hududiy mahsulot, byudjetga 3,5 trillion so‘m tushumlar shakllanishi va 260 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Taqdimotda yashil hududlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Loyihalarning kamida 30 foizida, yaʼni 400 gektarda yashil maydonlar tashkil etish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, Toshkent shahrining 9 ta hududida umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan alohida yangi jamoat parklari barpo etish rejalari ko‘rib chiqildi va maʼqullandi.
Loyihalardan undiriladigan infratuzilma to‘lovlaridan tushgan mablag‘lar, birinchi navbatda, yangi yashil hududlar barpo etishga, ortgan qismi esa shahar infratuzilmasi obyektlarini qurishga sarflanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz poytaxtdagi urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sog‘lom muhit va ekologiya talablari bilan bog‘lagan holda rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
