JSST vakili: Bolalar onkologiyasida xalqaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega

Oktabr 22, 2026. 18:30 • 2 daq

•
JSST vakili: Bolalar onkologiyasida xalqaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega

SAMARQAND, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosining Sog‘liqni saqlash tizimlari bo‘limi boshlig‘i Natasha Atssopardi-Muskat “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida fikr bildirdi:

– Samarqandda o‘tkazilgan sammit muhim ahamiyatga ega. Bolalar salomatligi, xususan, bolalarda uchraydigan onkologik kasalliklar masalasining nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda ustuvor yo‘nalish sifatida kun tartibiga olib chiqilayotgani quvonarlidir.

Erishilayotgan natijalar va mamlakatlarning o‘zaro hamkorlikka qaratayotgan e’tibori meni juda quvontirdi. Ayniqsa, zarur dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, yuqori ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish va bu boradagi tajribani o‘zaro almashishga qaratilgan sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiq.

Bunday muloqotlar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mavjud muammolarga birgalikda yechim topish va bolalar uchun sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

JSST O‘zbekiston bilan hamkorlikda tibbiy yordam ko‘rsatishning to‘g‘ri protokollarini joriy etish va ajratilayotgan resurslardan samarali foydalanish masalalari ustida doimiy ishlab kelmoqda. Buning asosiy maqsadi har bir bola uchun sifatli davolanish imkoniyatini yaratish va tibbiy yordam samaradorligini oshirishdir.

Kelgusi besh yil davomida onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning yashab qolish ko‘rsatkichlarida sezilarli yaxshilanish kuzatilishi mumkin. Buning uchun dori vositalarining mavjudligi, tashxis qo‘yish imkoniyatlari, malakali tibbiy kadrlar va samarali davolash tizimini o‘zaro uyg‘unlashtirish zarur.

Shu bilan birga, bugungi yondashuv faqat bolalarning hayotini saqlab qolish bilan cheklanmasligi kerak. Onkologik kasallikni yengib o‘tgan bolalarning keyingi hayoti, umumiy salomatligi va farovonligi ham muhim ahamiyatga ega.

Bolalar davolanishdan keyin ham to‘laqonli hayot kechirishi, ta’lim olishi va jamiyatda faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim. Shu bois bolalar onkologiyasiga kompleks yondashuv, xalqaro hamkorlik va sog‘liqni saqlash tizimlarining salohiyatini oshirish kelgusidagi eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish