Samarqandda bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti o‘z ishini boshladi

Oktabr 21, 2026. 11:00 • 2 daq

• 123
Samarqandda bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti o‘z ishini boshladi
Samarqandda bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti o‘z ishini boshladi
Samarqandda bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti o‘z ishini boshladi
Samarqandda bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti o‘z ishini boshladi

SAMARQAND, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand shahrida bolalar farovonligi, ularning salomatligi, ijtimoiy himoyasi va porloq kelajagiga oid dolzarb masalalarga bag‘ishlangan Butunjahon sammiti o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Anjumanning tantanali ochilish marosimida yuqori martabali mehmonlar, siyosiy yetakchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. 

Sammit va Bolalar onkologiyasi bo‘yicha II Xalqaro kongressning qo‘shma ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan qutlov so‘zini O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi kommunikatsiyalar departamenti rahbari – Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi. 

Shuningdek, ochilish sessiyasida BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi raisi Xalilur Rahmon so‘zga chiqdi, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning tabrigini esa BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Maxl o‘qib eshittirdi. 

Tadbirda O‘zbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Amina Muhammad (videomurojaat orqali), BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalla Mjid va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etmoqda.

Yuzdan ortiq mamlakat vakillari qatnashayotgan mazkur global anjumanda bolalar salomatligi, ijtimoiy himoya, ta’lim, xavfsizlik va oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlar sifatida muhokama qilinmoqda.

Sammit O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili, UNISЕF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, uning doirasida Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish