BMT maxsus vakili: O‘zbekiston bolalarni himoya qilish bo‘yicha mintaqada yetakchilik qilishi mumkin

Oktabr 22, 2026. 12:00 • 2 daq

• 97
BMT maxsus vakili: O‘zbekiston bolalarni himoya qilish bo‘yicha mintaqada yetakchilik qilishi mumkin

SAMARQAND, 22-oktabr. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalla Mjid “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va sa’y-harakatlar haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi.

– O‘zbekistonda bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlash va uni ijtimoiy himoya bilan integratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar menda katta taassurot qoldirdi. Mamlakatda bu yo‘nalishda sezilarli amaliy natijalarga erishilganiga guvoh bo‘ldim.

Mutaxassislarni intensiv tayyorlash, kadrlar salohiyatini oshirish va zarur resurslarni safarbar etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Integratsiyalashgan xizmatlarni joriy etish uchun huquqiy asoslar yaratilgan. Prokuratura, sog‘liqni saqlash tizimi, pedagoglar va ijtimoiy xodimlarni qamrab olgan qo‘shma o‘quv dasturlari tashkil etilgani ham alohida ahamiyatga ega.

Eng muhimi, O‘zbekistonda bu borada yuqori darajadagi siyosiy iroda mavjud. Davlat rahbariyatining asosiy maqsadi — islohotlar odamlar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga olib kelayotganini ko‘rish. Resurslarni maqsadli yo‘naltirish va jarayonlarni nazorat qilish ham ushbu vazifalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Endi asosiy vazifa – erishilgan natijalarni keng ko‘lamda tatbiq etish va samarali tajribalarni butun mamlakat bo‘ylab joriy qilishdir. O‘zbekistonda bu borada muvaffaqiyatga erishish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Fikrimcha, mamlakatingiz bolalarni himoya qilish bo‘yicha mintaqada yetakchilikni namoyish etishi mumkin.

Men faqat bayonot va umumiy chaqiriqlar bilan cheklanadigan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlamayman. Sammitning haqiqiy ahamiyati uning amaliy natijalari va qabul qilingan qarorlarning hayotga tatbiq etilishi bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bolalar farovonligiga investitsiya kiritish masalasining global ustuvor vazifa sifatida ilgari surilayotgani esa alohida e’tiborga loyiq. Bugungi kunda dunyodagi nizolar va beqarorlik sharoitida eng ko‘p jabr ko‘rayotganlar bolalardir.

Turli mamlakatlar vakillarini birlashtirib, bolalarning huquqlari, farovonligi va kelajagiga sarmoya kiritish masalasini umumiy kun tartibiga olib chiqish juda muhim. Bu nafaqat inson manfaatlariga yo‘naltirilgan taraqqiyot, balki barqaror rivojlanish va xavfsizlikni ta’minlashning ham muhim shartidir.

Xalqaro tajriba almashish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash va bolalar manfaatlarini barcha qarorlarning markaziga qo‘yish orqali O‘zbekiston bu yo‘nalishda yanada katta natijalarga erishishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish