“Zomin tog‘lari”ni YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ishlar jadallashmoqda
Oktabr 05, 2026. 14:30 • 2 daq
• 116PARIJ, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning “Zomin tog‘lari” tabiiy hududini YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha amalga oshirilgan tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistonning YUNЕSKOdagi Doimiy vakolatxonasi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda yurtimizning YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi, Madaniy meros agentligi, “Zomin” milliy tabiat bog‘i va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
“Zomin tog‘lari” O‘zbekistonning Butunjahon merosi bo‘yicha dastlabki ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, noyob tabiiy landshaftlari, boy bioxilma-xilligi va yuqori ekologik qimmati bilan ajralib turadi. Hududda tog‘ o‘rmonlari, archazorlar, baland tog‘ yaylovlari va qoyali landshaftlar bilan bir qatorda, noyob va kamyob o‘simlik hamda hayvon turlari uchraydi.
Mutaxassislar “Zomin” milliy tabiat bog‘ini Turkiston tizmasining tabiiy holati yaxshi saqlangan qimmatli tog‘ ekotizimlaridan biri sifatida qayd etdi.
Muloqot davomida hujjatlarni tayyorlash talablari, qo‘shimcha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, hududni xaritalash va obyektning saqlanish holatini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro ekspertlar “Zomin tog‘lari”ni YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga ilgari surish uchun imkoniyatlari yuqori ekanini ta’kidladi.
Tomonlar tayyorgarlik ishlarini sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, hamkorlikni davom ettirish va muntazam maslahatlashib borishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

