O‘zbekiston VI Xalqaro bug‘doy kongressiga mezbonlik qiladi
Oktabr 05, 2026. 13:00 • 2 daq
• 202
RIM, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand shahri 2030-yilda VI Xalqaro bug‘doy kongressiga mezbonlik qiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Xalqaro bug‘doy kongressining Xalqaro tashkiliy qo‘mitasi mazkur nufuzli forumning 2030-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishini rasman tasdiqladi.
Xalqaro bug‘doy kongressi jahon ilmiy jamoasining eng muhim tadbirlaridan biri hisoblanib, unda yetakchi mutaxassislar, olimlar, davlat organlari va soha vakillari bug‘doy seleksiyasi, genetikasi, genomikasi va agronomiyasi sohasidagi so‘nggi yutuqlarni muhokama qiladilar. Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan mazkur anjumanning oxirgi tadbirlarida 800–900 nafar delegat ishtirok etgan bo‘lsa, Samarqanddagi kongress qatnashchilari soni ming kishidan oshishi kutilmoqda.
Joriy yil may oyida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi tashkilotchilarga Samarqand shahrida VI Xalqaro bug‘doy kongressini o‘tkazish bo‘yicha rasmiy taklif kiritgan edi. Ushbu huquq uchun O‘zbekiston bilan birgalikda Argentina, Gretsiya, Marokash, Nepal, Fransiya, Turkiya va Efiopiya kabi davlatlar ham da’vogarlik qilgan.
Nufuzli anjumanni Samarqandda o‘tkazish to‘liq qo‘llab-quvvatlanishiga O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda bug‘doy yetishtirishning strategik ahamiyati, mamlakatimizda g‘allachilik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, shuningdek, xalqaro miqyosdagi tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy va sifatli infratuzilmaning mavjudligi asosiy omil bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi