Olga Chemodanova: O‘zbekiston mustaqilligining 35-yili – bu mamlakatning shakllanishdan to ishonchli modernizatsiya sari yo‘lni bosib o‘tgan butun bir davridir

Sentabr 06, 2026. 11:04 • 3 daq

95
Olga Chemodanova: O‘zbekiston mustaqilligining 35-yili – bu mamlakatning shakllanishdan to ishonchli modernizatsiya sari yo‘lni bosib o‘tgan butun bir davridir

MINSK, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Belarusning “Belaya Rus” partiyasi Oliy siyosiy kengashi raisi Olga Chemodanova O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:

– O‘zbekiston mustaqilligining 35-yili – mamlakat shakllanishdan to ishonchli modernizatsiya sari yo‘lni bosib o‘tgan butun bir davrdir. Bugungi kunda O‘zbekiston milliy manfaatlarga tayanadigan, madaniy o‘zligini saqlaydigan va islohotlarni izchil amalga oshiradigan o‘zining taraqqiyot modeliga ega.

So‘nggi yillarda o‘zgarishlar jadal sur’atlarda kechmoqda. Iqtisodiyot 7,5 foizga o‘smoqdaki, bu o‘rtacha jahon ko‘rsatkichlaridan yuqoridir va ushbu holat bevosita aholi turmush sifatining yaxshilanishi bilan bog‘liq. Taraqqiyotning asosiy manbai – yosh avlod, shu bois yoshlarning ta’lim olishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga strategik ahamiyat qaratilmoqda.

Belarus va O‘zbekiston nafaqat umumiy o‘tmishga, balki kelajakka nisbatan ham umumiy qarashga ega. Partiyalararo muloqotning chuqurlashuvi bunga xizmat qilmoqda. 29-may kuni Brestda “Belaya Rus” partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi bu boradagi dastlabki qadam bo‘ldi.

Hujjat muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish, partiyaviy qurilishda tajriba almashish, amaliy hamkorlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda savdo va agrotexnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratdi.

Gumanitar yo‘nalishlar ham faol rivojlanmoqda. May oyida “Belaya Rus” delegatsiyasi Buxoroda bo‘lib o‘tgan II Osiyo ayollari forumida ishtirok etdi va unda ayollar yetakchiligini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar kelishib olindi. Sentyabr oyidan “Modul” yoshlar loyihasi kengaytirildi va biz unda o‘zbek yoshlari ishtirok etishini kutib qolamiz. Bu nafaqat partiyalar, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni ham mustahkamlash imkonini beradi.

Oliy darajadagi munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezidentlar Aleksandr Lukashenko va Shavkat Mirziyoyevning tashriflari iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha bo‘lgan hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlamoqda. O‘zaro savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘taman, 10-yil avval bu ko‘rsatkich taxminan 187 million dollar bo‘lgan. O‘sish besh barobardan ziyodni tashkil etdi. Va bu endi shunchaki savdo emas, balki ishlab chiqarish kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalar, jumladan, Vitebsk viloyati qishloq xo‘jaligida o‘zbekistonlik mutaxassislar ishtirokidagi loyihalardir.

Global beqarorlik sharoitida qo‘shnilarning o‘zaro kelisha olishi barqarorlikning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Markaziy Osiyo uchun bu hayotiy muhim ahamiyat kasb etadi. Suv, energetika, transport, ekologiya – bularning barchasi birgalikdagi yechimlarni taqozo etadi.

Biz, belaruslarga O‘zbekistonning tinchlikparvarlik yondashuvlari yaqindir. Biz uning diplomatik amaliyotini qiziqish bilan o‘rganmoqdamiz.

Bugun O‘zbekiston o‘zligi va an’analarini asragan holda kelajakka ishonch bilan boqayotgan mamlakatdir.

Mustaqillikning 35-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqini chin qalbimdan tabriklayman, tinchlik, farovonlik va yangi zafarlar tilayman.

Mustaqillikning har bir yangi yili mamlakatga barqarorlik, ravnaq va yangi yutuqlar olib kelsin!

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish