O‘zbekiston va Avstriya Mehmonxona xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlashda hamkorlikni kengaytirmoqda
Sentabr 06, 2026. 12:00 • 2 daq
• 36
KREMS, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Avstriyaning Krems shahrida O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari “IMC Krems” amaliy fanlar universiteti raisi, professor Hayns Boyer bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Buxoro va Namangan viloyatlarida Kasbiy ta’lim agentligi hamda avstriyalik hamkorlar ishtirokida mehmonxona menejmenti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan xalqaro markazlar tashkil etishning amaliy bosqichlari muhokama qilindi.
Yangi markazlar nazariy tayyorgarlik, amaliy ta’lim va xalqaro tajribani o‘zida mujassam etgan zamonaviy ta’lim maydonchalariga aylanadi. Talabalar Avstriyada amaliyot o‘tash, yevropacha mehmonxona boshqaruvi standartlari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Suhbat chog‘ida professor Hayns Boyer loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini muhokama qilish uchun 2026-yil 21–25-sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi. Ushbu markazlarning tashkil etilishi mamlakatimiz mehmondoshlik industriyasi uchun xalqaro darajadagi kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shadi.
“IMC Krems” amaliy fanlar universiteti Avstriyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lib, unda 4 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Universitet dunyoning 200 dan ortiq oliygohlari bilan hamkorlik qiladi va Ummon, Namibiya, Ozarbayjon, Xitoy hamda Saudiya Arabistonida ta’lim loyihalarini amalgo oshirib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi