Sankt-Peterburgda Rossiya bozori uchun O‘zbekistondagi yangi sayyohlik yo‘nalishlari taqdim etildi
Iyun 20, 2026. 14:30 • 2 daq
• 43SANKT-PЕTЕRBURG, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg Savdo-sanoat palatasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan roud-shou bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida “OksTours” va “Trans-Logistik” kompaniyalari tomonidan tashkil etildi.
Roud-shou o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatining 40 dan ortiq sayyohlik sohasi vakilini birlashtirdi. Ishtirokchilar orasida Sankt-Peterburg turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, Leningrad viloyati madaniyat va turizm qo‘mitasi hamda “Uzbekistan Airways” AJ vakillari ham bor edi.
Mehmonlarga Sankt-Peterburg Savdo-sanoat palatasi Tashqi aloqalar departamenti direktori Irina Karpenko, shuningdek, O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi va “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakillari tabrik so‘zi bilan murojaat qildi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda sayyohlik sohasining strategik ahamiyatini ta’kidlab, sayyohlar oqimini oshirish va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini qayd etdilar.
Taqdimot qismida “Trans-Logistik” va “OksTours” kompaniyalari rahbarlari Buyuk ipak yo‘li shaharlari bo‘ylab klassik yo‘nalishlarni hamda Turkmaniston va Qozog‘istonga tashrifni o‘z ichiga olgan kombinatsiyalashgan dasturlarni qamrab olgan dolzarb sayyohlik takliflari sharhini taqdim etdi.
Taqdimot doirasida O‘zbekiston transport infratuzilmasining imkoniyatlari, yangi sayyohlik yo‘nalishlari va Rossiya bozori talablariga moslashtirilgan maxsus takliflar namoyish etildi.
Shuningdek, yutuqli o‘yin ham bo‘lib o‘tdi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasidan O‘zbekistonga ikkita aviachipta, Xivadagi mehmonxonada yashash uchun vaucher va milliy bosh kiyimlar asosiy yutuqlar bo‘ldi.
Roud-shou bir qator ishbilarmonlik muzokaralari va yakka tartibdagi uchrashuvlar bilan yakunlandi. Ularning davomida ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini, qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini shakllantirish hamda O‘zbekiston, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati o‘rtasida sayyohlik almashinuvini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



