Pokiston yetakchi kompaniyasi Namanganda zamonaviy to‘qimachilik klasterini tashkil etadi
Iyun 20, 2026. 10:30 • 2 daq
• 107
ISLOMOBOD, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Pokistonning “Diamond Group of Industries” kompaniyasi direktori Aqib Nasirning O‘zbekistonga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida pokistonlik tadbirkor O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning to‘qimachilik va yengil sanoat tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsion jozibadorlikni oshirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalarini muhokama qilindi.
Namangan viloyatidagi erkin iqtisodiy zona hududida zamonaviy to‘qimachilik klasterini tashkil etish bo‘yicha investitsiya tashabbusini amalga oshirish muhokamalarning asosiy mavzusi bo‘ldi. Loyihaning asosiy yo‘nalishlari sifatida paxta tolasini chuqur qayta ishlash, ip-kalava, gazlama hamda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni qamrab oluvchi to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, loyihaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash hajmini oshirish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
«Kompaniyamiz to‘qimachilik, uy-ro‘zg‘or va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajribaga ega. O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va Namangan viloyatida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyormiz», – dedi kompaniya direktori Aqib Nasir
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida loyiha bo‘yicha texnik va iqtisodiy jihatlarni qo‘shimcha o‘rganish, ishchi muloqotlarni davom ettirish hamda hamkorlikning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi