O‘zbekiston vakili ketma-ket ikkinchi muddatga COOMET prezidenti etib qayta saylandi

Iyun 19, 2026. 20:30 • 2 daq

69
O‘zbekiston vakili ketma-ket ikkinchi muddatga COOMET prezidenti etib qayta saylandi

DUSHANBЕ, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Tojikiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan Davlat metrologiya muassasalarining Yevro-Osiyo hamkorligi qo‘mitasi (COOMЕT)ning 38-yig‘ilishida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Lazizbek Saidaripov ketma-ket ikkinchi muddatga COOMET prezidenti etib qayta saylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yig‘ilish doirasida tashkilotning yangi rahbariyatini saylash bo‘yicha ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston vakili yana COOMET prezidenti lavozimini egalladi.

2024-yilda ilk bor O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti rahbari COOMET Prezidenti etib saylangan edi. 2026-yilgi saylovlarda esa mamlakatimiz vakili ushbu lavozimni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

So‘nggi yillarda mamlakat xalqaro o‘lchash standartlarini joriy etish, milliy metrologiya tizimini modernizatsiya qilish va sohadagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston vakillari COOMET tarkibiy organlariga ham rahbar etib saylandi. Jumladan, Azamat Taubaldiyev Ionlashtiruvchi nurlanishlar va radioaktivlik texnik qo‘mitasi raisi, Alisher Botirov esa Sarf o‘lchash ishchi guruhi raisi etib saylandi.

Ma’lumot uchun, COOMET 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Yevroosiyo mintaqasidagi davlat metrologiya muassasalarini birlashtiradi. Tashkilotga turli yillarda Polsha, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Belarus va Qozog‘iston vakillari rahbarlik qilgan.

COOMET Qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi 2027-yilda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish