Saudiya matbuoti: O‘zbekiston bilan yirik investitsiya hamda tibbiy loyihalar imzolandi

Avgust 03, 2026. 11:00 • 2 daq

45
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston bilan yirik investitsiya hamda tibbiy loyihalar imzolandi
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston bilan yirik investitsiya hamda tibbiy loyihalar imzolandi

AR-RIYOZ, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining “Dawaa News”, “Arab News”, “Mubasher Banks”, “Ar Riyadh” kabi yetakchi nashrlarida mamlakat sog‘liqni saqlash vazirining O‘zbekistonga tashrifi hamda o‘zbek biznesi uchun islomiy savdo moliyalashtiruvi bo‘yicha yangi kelishuvlar haqida maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Dawaa News” portalining yozishicha, Saudiya Arabistoni sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon al-Jalajal 27-iyul kuni Toshkentga tashrif buyurgan. U safar davomida “Sexa” virtual shifoxonasi, Saudiya Arabistoni Milliy tibbiy sug‘urta markazi, “Lean Business Services” kompaniyasi va Saudiya tibbiyot mutaxassisliklari bo‘yicha komissiyasi bilan oltita hujjatdan iborat to‘plamni imzolagan.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda sog‘liqni saqlashdan tashqari boshqa sohalarda umumiy qiymati 24,8 milliard dollarlik 48 ta loyihadan iborat qo‘shma investitsiya portfeli shakllantirilgan.

Nashrda Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida Saudiya Arabistonining “Vision Invest” kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan, qiymati qariyb 300 million AQSH dollariga teng Farg‘ona viloyatidagi 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurilishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik qo‘shma loyihasi hisoblanadi.

“Arab News” gazetasida taʼkidlanishicha, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro islom korporatsiyasi O‘zbekistonning “Hamkorbank”i bilan 100 million dollarlik savdoni moliyalashtirish shartnomasini imzolagan.

Bu mamlakat bank tizimida tuzilgan yirik bitimlardan biri sanaladi. Iyun oyida “Fitch Ratings” O‘zbekiston bo‘yicha prognozni “ijobiy” darajaga ko‘targani, “BB” reytingini tasdiqlagani hamda 2026 yilda iqtisodiyot 6,3 foizga o‘sishini kutayotgani ham yirik xalqaro bitimlarning imzolanishiga turtki bo‘lmoqda.

“Mubasher Banks” portalida maʼlum qilinishicha, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro islom korporatsiyasi “Ipak yo‘li” bankiga ayollar tadbirkorligi va “yashil” moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun 75 million dollar ajratganini qayd etgan.

“Ar Riyadh” gazetasi esa Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-iyul kuni Saudiya delegatsiyasini qabul qilgani, uchrashuvda tomonlar sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, farmatsevtika va klinikalar qurilishi masalalarini muhokama qilib, yangi loyihalar bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olgani haqida yozdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish