“Global Korea Post”: O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologik hamkorlik strategik sheriklikning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda
Avgust 02, 2026. 11:02 • 2 daq
• 93
SEUL, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “Global Korea Post” elektron nashri O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologik hamkorlikka bag‘ishlangan maqolani e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda qayd etilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik 2008-yilda imzolangan tegishli kelishuv asosida shakllangan bo‘lib, ayni paytda ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan yangi hukumatlararo hujjat ustida ish olib borilmoqda.
Shuningdek, materialda O‘zbekiston va Ozarbayjon ekologiya vazirlarining “COP28” va “COP29” konferensiyalari maydonlarida o‘tkazilgan uchrashuvlar hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ekologik sohada hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning qabul qilinishi muhim voqealar sifatida keltirilgan.
Bundan tashqari, maqolada Osiyo taraqqiyot bankining 2025–2034-yillarga mo‘ljallangan “Muzliklardan fermalargacha” mintaqaviy dasturi haqida so‘z yuritilgan. Qiymati 3,5 milliard dollar bo‘lgan mazkur tashabbus iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan.
Muallif ekologik monitoring, havo sifatini nazorat qilish, “yashil” infratuzilmani rivojlantirish, “Green University” orqali ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish hamda yangi hukumatlararo kelishuvni ishlab chiqishni istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatgan.
“Global Korea Post” nashri xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologik sheriklik bosqichma-bosqich strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilib, Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va turkiy dunyo uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi