O‘zbekiston Prezidenti raisligida neft-gaz tarmog‘ining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ko‘rib chiqildi
Iyul 06, 2026. 19:35 • 3 daq
• 41
TOSHKENT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun neft-gaz tarmog‘ida navbatdagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi yuzasidan axborot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, magistral va hududiy gaz tarmoqlarini taʼmirlash, yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish hamda avariya-tiklash brigadalarining shayligini taʼminlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Tabiiy gaz taʼminoti tizimini mavsumga tayyorlash ishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, mavsumgacha magistral gaz quvurlarining 53,7 kilometr nuqsonli qismini almashtirish, kompressor stansiyalaridagi 77 ta gaz haydash agregatini mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, 881 ta mahalladagi 220 ming xonadonning gaz taʼminotini yaxshilash va texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish maqsadida uch bosqichli taqsimlash tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 711,9 kilometr gaz tarmog‘i va 400 ta gaz taqsimlash punkti mukammal taʼmirlanadi hamda rekonstruksiya qilinadi.
Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Kuz-qish mavsumida 325,7 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish, shu jumladan, borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqdagi 104,7 ming isteʼmolchiga 8,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish belgilangan.
Qish davri uchun yoqilg‘i zaxiralarini shakllantirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, dekabr-yanvar oylari uchun 120 ming tonna avtobenzin zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Issiqlik elektr stansiyalariga mavsum davomida 4 million 161 ming tonna ko‘mir yetkazib berish prognoz qilinmoqda.
“O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarda texnologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida 90 ta texnologik qurilmada taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz ishlashi, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.
Tayyorgarlik ishlari faqat neft-gaz tizimi bilan cheklanmay, umumiy energetika va kommunal sohalar bilan uzviy bog‘liq holda olib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda respublika va hududiy komissiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish va doimiy nazorat qilib borish topshirildi.
Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish, mavsumga tayyorgarlik ishlarini muddatida va sifatli yakunlash, aholi hamda ijtimoiy soha obyektlariga tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, boshqa yoqilg‘i resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi