O‘zbekiston Prezidenti Iordaniya delegatsiyasini qabul qildi
Iyul 06, 2026. 20:14 • 2 daq
• 56
TOSHKENT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Iordaniya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Husayn Safadiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston Prezidentiga Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘tgan yili Samarqandda oliy darajada o‘tgan sermahsul muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlar doirasida joriy yilda parlamentlararo do‘stlik guruhlari tuzildi, Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishi o‘tkazilib, Ishbilarmonlar kengashi ta’sis qilindi, shuningdek, havo qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.
Kelgusida siyosiy muloqotlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi