7-iyul kuni “Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” nomli I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi boshlanadi

Iyul 06, 2026. 19:33 • 3 daq

16

TOSHKENT, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan “Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” nomli I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy, Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Xalqaro islom akademiyasi hamda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda. Bu tashabbuslar islom sivilizatsiyasining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va ommalashtirish, buyuk allomalar merosini asrab-avaylash, ma’rifat va diniy bag‘rikenglik tamoyillarini ilgari surishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Anjumanda 50 dan ortiq davlatdan 300 nafarga yaqin xorijiy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, akademiklar, taniqli islomshunoslar, qo‘lyozma meros bo‘yicha mutaxassislar, muzeylar, kutubxonalar va ommaviy axborot vositalari vakillari bor.

Ochilish marosimi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Shohin Mustafoyev, shuningdek, O‘zbekiston va xorijiy davlatlardan xalqaro tashkilotlar rahbarlari, olimlar va jamoat arboblari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Forum o‘z miqyosiga ko‘ra mintaqadagi eng yirik xalqaro ilmiy tadbirlardan biriga aylanadi. Uning dasturi 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar sessiya va 6 ta sho‘ba yig‘ilishini o‘z ichiga oladi.

Ishtirokchilarning diqqat markazida islom sivilizatsiyasi tarixi, hadisshunoslik, kalom ilmi, qo‘lyozma merosni o‘rganish, arxeologiya, muzeyshunoslik, madaniy merosni saqlash, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar masalalari bo‘ladi.

Dasturdan ICESCO, IRCICA va boshqa xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tayyorlangan yangi ilmiy nashrlar hamda qo‘shma xalqaro loyihalar taqdimotlari alohida o‘rin olgan. Forum doirasida kelgusi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, memorandum va bitimlarni imzolash rejalashtirilgan.

Samarqand va Termiz shaharlarida Imom al-Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom at-Termiziy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar forumning muhim qismi sanaladi. Ularda islom ilmini rivojlantirish, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, hadisshunoslik metodikasi hamda buyuk allomalarning intellektual merosini zamonaviy talqin etish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining o‘tkazilishi O‘zbekistonning ilmiy-ma’rifiy hayotida muhim voqea bo‘lib, u xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash hamda islom sivilizatsiyasining boy madaniy-ma’naviy merosini yanada keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi shubhasiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish