O‘zbekiston va Polsha hududlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
May 20, 2026. 15:25 • 2 daq
• 124BELOSTOK, 20-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi delegatsiyasining Podlyask voyevodaligiga amalga oshirgan tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hududlararo va iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida voyevoda Lukash Prokorim ishtirokida Droxichin shahri hamda Toshkent viloyatining Nurafshon shahri o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan grant loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Mazkur tashabbuslar Podlyask hududi byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi va ikki hudud o‘rtasidagi amaliy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati va Podlyask voyevodaligi ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi. Unda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida delegatsiya Polshadagi yirik sanoat korxonalaridan biri – “AC S.A” kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. Kompaniya prezidenti Pavel Baranyuk bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy sheriklik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar “Samasz”, “INTERTECH”, “Equalan Pharma Europe”, “Mlekpol”, “POM Augustow”, “Enea Cieplo”, “Contractus” kabi Polsha kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham muhokama qildi.
“AC S.A” va “Kokand Bicycles” kompaniyalari hamkorligida Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi hududida avtomobillar uchun suyultirilgan va siqilgan tabiiy gaz uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi.
Muzokaralar jarayonida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, grant loyihasi doirasida 2026-yil iyul oyida Nurafshon shahri hokimligi, tadbirkorlar, fermerlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining Droxichinga tashrifini tashkil etish rejalashtirildi.
Shu bilan birga, 2026-yil kuz oylarida Podlyask voyevodaligi ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga amaliy safarini uyushtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi










