Nyu-Yorkdagi anʼanaviy paradda o‘zbek madaniyati namoyish qilindi

May 20, 2026. 13:55 • 2 daq

19
Nyu-Yorkdagi anʼanaviy paradda o‘zbek madaniyati namoyish qilindi

NYU-YORK, 20-may. /“Dunyo” AA/. Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan anʼanaviy Turkiy paradda O‘zbekiston madaniyati ham keng namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

AQSHdagi Turkiy jamiyat tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning yuqori saviyada o‘tkazilishida mamlakatimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi vakillari ham yaqindan ko‘maklashdi.

Parad davomida vatandoshlarimiz davlat bayroqlari va milliy bezaklar bilan jihozlangan ko‘chma platformada o‘zbek xalq kuy-qo‘shiqlari hamda milliy raqslarni namoyish etdi. O‘zbek badiiy jamoasining yorqin chiqishlari tomoshabinlar va tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otib, madaniy dasturning eng diqqatga sazovor qismlaridan biriga aylandi.

O‘zbekiston diasporasining mazkur tadbirdagi faol ishtiroki mamlakatimizning boy madaniyati, betakror urf-odatlari va milliy qadriyatlarini keng xalqaro auditoriyaga targ‘ib qilish imkonini berdi. Shuningdek, bu kabi tashabbuslar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning AQSH ijtimoiy-madaniy hayotida faol ishtirok etayotganini yana bir bor namoyon qildi.

1981-yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan ushbu tadbir AQSHdagi turkiy xalqlar diaspora tashkilotlarining eng yirik madaniy va ijtimoiy maydonlaridan biri hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish