Markaziy Osiyo ekologik faoliyati samaradorligining mintaqaviy sharhi bo‘yicha Samarqand bayonoti imzolandi
Iyun 03, 2026. 19:55 • 3 daq
• 19
SAMARQAND, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. “Silk Road Samarkand” ko‘rgazmalar majmuasida “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “Markaziy Osiyo ekologik faoliyati samaradorligining mintaqaviy sharhi: tematik qamrovni tasdiqlash va operasion bosqichni boshlash” mavzusida yuqori darajadagi tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) va O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir Markaziy Osiyo ekologik faoliyati samaradorligining mintaqaviy sharhi (Regional EPR)ning operasion bosqichini boshlashga bag‘ishlandi.
Tadbirni O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U mintaqada ekologik xavfsizlik va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yashil texnologiyalarni joriy etish va barqaror moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo ishonch, ilmiy hamkorlik va mintaqaning barqaror kelajagi uchun umumiy mas’uliyatga asoslangan ekologik hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirmoqda. Ushbu maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarga nafaqat siyosiy muloqot, balki yagona tahliliy baza, ekologik monitoring, yashil moliyalashtirishni rivojlantirish va qo‘shma iqlim tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlar ham zarur.
Shuningdek, Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nisanbayev va Tojikiston Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda ham bayonot berdi.
UNECE Atrof-muhit va o‘rmon xo‘jaligi bo‘limi direktori Paola Deda mintaqaviy sharhning ekologik boshqaruvni mustahkamlash, muvofiqlashtirish va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikni rivojlantirishning amaliy mexanizmi sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi.
Ishtirokchilar mintaqa mamlakatlari iqlim o‘zgarishi, suv resurslari taqchilligi, havo ifloslanishi, yer degradatsiyasi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va aholi salomatligi uchun ortib borayotgan xavf-xatarlar kabi umumiy ekologik muammolarga duch kelayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan kelishilgan yondashuvlar va muvofiqlashtirilgan mintaqaviy yechimlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Tadbir davomida mintaqaviy sharhning asosiy mavzuli yo‘nalishlari, jumladan, iqlim, havo sifati va jamoat salomatligi, qishloq xo‘jaligi, ekotizimlar va energetika barqarorligi uchun suv resurslaridan oqilona foydalanish, bioxilma-xillik va ekotizimlar, shuningdek, chiqindilar va kimyoviy moddalarni boshqarish masalalari taqdim etildi.
Yashil moliyalashtirish, ekologik monitoring, standartlarni uyg‘unlashtirish, ekologik ma’lumotlardan foydalanish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va institusional hamkorlikni mustahkamlash kabi sohalararo masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
UNECE vakili Anjela Sochirka 2026–2028-yillarda amalga oshiriladigan va tahliliy ishlar, milliy maslahatlashuvlar hamda mintaqaviy muloqot jarayonlarini o‘z ichiga olgan mintaqaviy sharhni amalga oshirishning keyingi bosqichlarini taqdim etdi. Yakuniy tavsiyalar 2028-yilda bo‘lib o‘tadigan “YEvropa uchun atrof-muhit” o‘ninchi vazirlar konferensiyasida taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida mintaqa mamlakatlarining qo‘shma ekologik harakatlarga va mintaqaviy tashabbuslarni amalga oshirishga siyosiy sodiqligini tasdiqlovchi Markaziy Osiyo ekologik faoliyati samaradorligining mintaqaviy sharhi bo‘yicha Samarqand bayonotini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Samarqandda IHTning atrof-muhit bo‘yicha oltinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Samarqandda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi


