O‘zbekiston elchixonasi: Dehlidagi mehmonxonalardan birida yuz bergan yong‘in qurbonlari orasida mamlakatimiz fuqarolari yo‘q
Iyun 03, 2026. 20:36 • 2 daq
• 49
DEHLI, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 3-iyun kuni Dehlining janubiy qismida joylashgan mehmonxonalardan birining binosida yong‘in chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mahalliy rasmiy manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, fojia oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan. Ularningkamida 17 nafari xorij davlatlari, jumladan, Liberiya, Nigeriya, Mozambik va Bangladesh fuqarolaridir. Bir qator manbalar jabrlanganlar orasida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ham borligini qayd etmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in ertalab soat 8:50 atrofida boshlangan. Vaziyat yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilganligi sababli yana-da og‘irlashgan. Mazkur bino deyarli germetik (havo o‘tkazmaydigan) holatda bo‘lib, unda faqat bitta chiqish eshigi mavjud bo‘lgan, amalda foydalanilgan xonalar soni esa ruxsat etilgan 6 tadan bir necha barobar (25 ga yaqin) ko‘p bo‘lgan. 40 dan ortiq mehmon evakuatsiya qilingan, ularning bir qismi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Ushbu hodisa munosabati bilan O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Konsullik bo‘limi fojia tafsilotlarini aniqlash maqsadida zudlik bilan Hindistonning vakolatli organlari bilan bog‘landi.
Olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yo‘q.
O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi yuz bergan fojiali voqeani inobatga olgan holda, Hindistonda bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini yashash joyini tanlashga jiddiy yondashishga chaqiradi. Mehmonxonalar va boshqa joylashish vositalarini bron qilishda faoliyat yuritish uchun hujjat bilan tasdiqlangan ruxsatnoma va yong‘in xavfsizligi sertifikatlariga ega bo‘lgan obyektlarni tanlash, istiqomat qilinadigan joyda evakuatsiya chiqish yo‘llari va boshlang‘ich yong‘inga qarshi himoya vositalari mavjudligiga ishonch hosil qilish so‘raladi.
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda, zudlik bilan Hindiston qutqaruv xizmatining 112 raqamiga hamda O‘zbekistonning Dehlidagi diplomatik missiyasi Konsullik bo‘limiga murojaat qilish lozim.
O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi aloqa ma’lumotlari:
Manzil: EP40, Dr. S. Radhakrishnan Marg, Chanyakapuri, New Delhi, 110021
Konsullik bo‘limi telefoni: +91 94994 85962
E-mail: info.uzbekemassy@gmail.com
Telegram: @consuluzbindia_bot
Elchixona vaziyatni kuzatishda davom etmoqda va Hindiston huquq-tartibot idoralari bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Shtutgart shahrida O‘zbekiston-Germaniya biznes-forumlari va reklama kampaniyalarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Yaponiya parlamenti Maslahatchilar palatasi raisi bilan uchrashdi


