Inger Andersen: O‘zbekiston atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish masalalarida yetakchilikni namoyon etmoqda

Iyun 03, 2026. 18:55 • 5 daq

6
Inger Andersen: O‘zbekiston atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish masalalarida yetakchilikni namoyon etmoqda

SAMARQAND, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP) Ijrochi direktori Inger Andersen Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi va Global ekologik jamg‘arma tadbirlari doirasida “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi:

– E’tiborlisi, O‘zbekiston atrof-muhit muhofazasi sohasida chinakam yetakchilikka intilmoqda. Toza havo, bioxilma-xillikni asrash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va chiqindilarni samarali boshqarish birinchi darajali ahamiyatga ega masalalardir. Ayni paytda mamlakat ularga muammo sifatida emas, balki sarmoyaviy imkoniyatlar deb qaramoqda. O‘zbekiston aynan shunday yondashuvni namoyish etyapti.

Biz yaqinda YUNEPda O‘zbekiston vaziri bilan samarali uchrashuv o‘tkazib, bu masalalarning barchasini muhokama qildik. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari singari O‘zbekiston uchun ham qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashish hamda toza havoni ta’minlash asosiy ustuvor yo‘nalishlardan sanaladi. 

Ehtimol, bu kelgusi hamkorligimizning ilk yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Shu bilan birga, biz allaqachon qator masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilib kelyapmiz. Zero, O‘zbekiston ko‘plab muhim ekologik tashabbuslarda yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi.

Biz mintaqalar, mamlakatlar va davlatlar birlashib, chegaralardan tashqarida hamkorlik qilsak, ekologik muammolarni yanada samarali hal eta olamiz. Chunki atrof-muhit chegaralarni tan olmaydi: qushlar migratsiya qiladi, shamollar esadi, ifloslanish esa har tomonga tarqaladi. Men chiqaradigan havo siz nafas oladigan havoga aralashishi mumkin. Demak, men keltirib chiqargan ifloslanish sizning sog‘lig‘ingizga ham ta’sir qiladi. Shu sababli, xalqaro hamkorlik juda muhim ahamiyatga ega.

Ayniqsa, O‘zbekiston va Qozog‘istonning Markaziy Osiyoda toza havoni ta’minlash borasidagi tashabbusi juda muhim. Bu mamlakatlarning sa’y-harakatlarni birlashtirishga va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlashga tayyorligini ko‘rsatadi.

Orol dengizi bilan sodir bo‘lgan va bo‘layotgan hodisalar, shubhasiz, fojeadir. Iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslardan haddan tashqari ko‘p foydalanish vujudga kelgan vaziyatning asosiy sabablaridan biriga aylandi. Biroq bugungi kunda uni bartaraf etish uchun muhim qadamlar tashlanmoqda.

Yaqinda “Eco Expo” ko‘rgazmasida tuproqning yuqori sho‘rlanishi, qurg‘oqchilik va qum bo‘ronlari sharoitida omon qola oladigan chidamli o‘simliklar, daraxtlar va butalarni ekish bo‘yicha tadqiqotlar hamda loyihalar natijalarini ko‘rib xursand bo‘ldim. Bunday ko‘chatlar qumlarni mustahkamlashga va yerlarning yanada tanazzulga yuz tutishining oldini olishga yordam beradi.

Bu kabi ishlarni kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, aniq dehqonchilik va tomchilatib sug‘orish tizimlarini rivojlantirish zarur. Bularning barchasi muammoni kompleks hal etishning ajralmas qismidir.

Muhimi, O‘zbekiston bu ishlarga faol qo‘shilib, mavjud muammolarga amaliy yechim topishga intilmoqda. Shu bilan birga, Orol dengizi qisqarishda davom etmoqda va vaziyat shoshilinch choralarni talab qiladi. Shuning uchun Markaziy Osiyo davlatlari bugungi kunda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirayotgani va bu muammoni hal qilish uchun aniq qadamlar qo‘yayotganini ko‘rish ayniqsa muhimdir.

Ayniqsa, ushbu tashrif davomida ko‘rganlarim menda katta taassurot qoldirdi. Bu mening O‘zbekistonga ikkinchi kelishim. Birinchi marta bu yerda bor-yo‘g‘i ikki yil oldin bo‘lganman. O‘shanda vazir bilan suhbatlashib, hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan rejalar va tashabbuslar haqida eshitgandim. Bugun ko‘rib turibmanki, bu rejalarning ko‘pi hayotga tatbiq etilmoqda.

Biz qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, havo sifatini yaxshilash, suvni tejash va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga sarmoya kiritmoqdamiz. Shuningdek, aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish va chiqindilarni qayta ishlashga katta sarmoya kiritilmoqda.

Albatta, ish hali yakuniga yetgani yo‘q. Biroq, mamlakatning muammolarni hal qilishni kechiktirmasdan, sog‘lom, toza va ekologik barqaror kelajak uchun o‘z resurslarini safarbar qilgan holda bugunoq harakat qilishga intilishi tahsinga loyiqdir. Aynan shuning uchun biz erishilgan yutuqlardan mamnunmiz.

Mintaqa uchun eng jiddiy muammolardan biri baland tog‘li hududlardagi muzliklarning erishi bo‘lib qolmoqda. Bashoratlarga ko‘ra, agar hozirgi tendensiyalar davom etsa, 2100 yilga borib Markaziy Osiyo o‘z muzliklarining qariyb 80 foizini yo‘qotishi mumkin. Bu o‘ta tashvishli ko‘rsatkich bo‘lib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni talab qiladi.

Qum va chang bo‘ronlari ham jiddiy muammo hisoblanadi. Bir avlod oldin bunday hodisalar deyarli kuzatilmagan Toshkent kabi shaharlar bugungi kunda yiliga bir necha marta bunday hodisalarga duch kelmoqda. Yaqinda Tojikiston vaziri menga o‘tgan yilning o‘zida mamlakatda 216 ta qum va chang bo‘roni qayd etilganini aytdi.

Bunday hodisalar qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va texnikaga jiddiy zarar yetkazmoqda, odamlar salomatligi va umuman iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois, qum va chang bo‘ronlari oqibatlariga qarshi kurashish mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Biz, o‘z navbatida, bu ishda Markaziy Osiyoga har tomonlama ko‘maklashishga tayyormiz.

Ayniqsa, Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi roli ortib borayotgani quvonarli. So‘nggi yillarda O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan tadbirlarga nazar tashlashning o‘zi kifoya. Bu yerda Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiya (CMS) tomonlarining konferensiyasi, CITES konferensiyasi, endi esa Global ekologik fond (GEF) assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bundan tashqari, mamlakat YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi, BMTning giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konferensiyasi va Osiyo taraqqiyot bankining yillik yig‘ilishiga mezbonlik qildi.

Bir necha o‘n yillar oldin Markaziy Osiyo jahon e’tiborida kamdan-kam bo‘lgan. Bugun vaziyat o‘zgardi. O‘tgan oyning o‘zida Dushanbeda xalqaro suv sammiti, keyin esa Ostonada ekologik sammit bo‘lib o‘tdi.

Mintaqa mamlakatlari nafaqat global kun tartibida ishtirok etishi, balki o‘z yechimlarini taklif etishi, yetakchilikni namoyon etishi va bir-biri bilan hamkorlikni mustahkamlashi ayniqsa muhimdir. Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari faol tashabbuslar bilan chiqmoqda va umumiy muammolarni hal qilish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor. Bu esa butun xalqaro hamjamiyat uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish