Islomoboddan tabrik: O‘zbek tili taraqqiyoti milliy madaniyat ravnaqi bilan chambarchas bog‘liq
Oktabr 27, 2026. 10:00 • 2 daq
• 5
ISLOMOBOD, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Islomoboddagi Zamonaviy tillar milliy universiteti O‘zbek tili kafedrasi o‘qituvchisi, vatandoshimiz Saniya Iskanova “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida xalqimizni O‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi:
– Til – shunchaki muloqot vositasi emas. U millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy qudrati, milliy tafakkuri va o‘zligini anglash mezonidir. Shu ma’noda, o‘zbek tilining davlat tili maqomini olishi xalqimizning milliy o‘zligini anglashi, tarixiy qadriyatlarini asrab-avaylashi va milliy davlatchilik tamoyillarini mustahkamlashi yo‘lidagi muhim tarixiy voqea sifatida baholanishi lozim.
Bu maqom bizga nafaqat faxr-iftixor, balki ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. Zero, davlat tilining nufuzi faqat qonunlarda belgilangan maqomi bilangina emas, balki uning ta’lim, ilm-fan, davlat boshqaruvi, diplomatiya va axborot makonida keng qo‘llanilishi bilan ham belgilanadi.
O‘zbekistondan olisda – Pokiston zaminida, Islomobod shahrida faoliyat yuritayotgan Zamonaviy tillar milliy universiteti O‘zbek tili kafedrasi uchun bu vazifaning ma’naviy va madaniy ahamiyati beqiyos.
Bu yerda o‘zbek tilini o‘rgatish faqat so‘zlar va grammatik qoidalarni o‘zlashtirish bilan cheklanmaydi. Bu – O‘zbekistonning boy tarixi, buyuk allomalari, adabiyoti, madaniyati va zamonaviy taraqqiyotini dunyoga tanitish, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga ma’naviy hissa qo‘shish demakdir.
Men o‘zbek tili o‘qituvchisi va vatandosh sifatida ona tiliga sadoqatni milliy o‘zlikka sadoqat, uni rivojlantirishni esa kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat deb bilaman. Qayerda yashamaylik, qaysi mamlakatda mehnat qilmaylik, ona tilimizga bo‘lgan hurmat qalbimizda hamisha yashashi kerak, deb hisoblayman.
Zero, o‘zbek tilining ravnaqi milliy madaniyat ravnaqi bilan, madaniyatimizning yuksalishi esa xalqimizning ma’naviy qudrati va xalqaro nufuzi bilan chambarchas bog‘liq.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi