Berlinda O‘zbekistonning axborot texnologiyalari va autsorsing sohasidagi salohiyati namoyish etildi

Oktabr 26, 2026. 21:00 • 2 daq

• 3

BЕRLIN, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida mamlakatimizning axborot texnologiyalari salohiyatiga bag‘ishlangan “Uzbekistan Outsourcing Conference” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Elchixona ko‘magida “IT Park Uzbekistan” agentligi tomonidan Germaniya sharqiy iqtisodiyoti qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda 100 dan ortiq kishi — Germaniyada faoliyat yurituvchi 70 dan ortiq IT-kompaniya rahbarlari, tadbirkorlar, ekspertlar va mahalliy jurnalistlar ishtirok etdi. O‘zbekistondan “IT Park Uzbekistan” rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Elchi Dilshod Ahatov o‘z nutqida mamlakatimizda raqamlashtirish va IT sohasida erishilgan yutuqlar, xorijiy kompaniyalar hamda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida so‘zlab berdi. U germaniyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistondagi loyihalarda yanada faol ishtirok etishga chaqirdi. “IT Park Uzbekistan” rahbari Azamat Karamatov esa texnopark faoliyati, “Zero Risk” dasturi, soliq imtiyozlari, IT-vizalar, kadrlar salohiyati va nemis kompaniyalarining o‘zbek bozoriga kirib kelish tajribasi xususida batafsil ma’lumot berdi.

Germaniya sharqiy iqtisodiyoti qo‘mitasi boshqaruv direktori Mixael Xarms ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasidagi aloqalar kengayayotganini ta’kidlab, sanoatga sun’iy intellektni joriy etish, IT-xizmatlar va sanoat autsorsing sohalarida ulkan hamkorlik salohiyati mavjudligini qayd etdi.

Anjumanning ikkinchi qismi “O‘zbekiston va Germaniya: global xizmatlar sohasida yangi sheriklikni shakllantirish” nomli panel sessiyasiga bag‘ishlandi. “IT Park Uzbekistan” bilan allaqachon hamkorlik qilayotgan nemis kompaniyalari o‘z natijalarini taqdim etdi, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi qator yirik Germaniya kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlarini o‘tkazdi. 

Tadbir doirasida “IT Park Uzbekistan” va til o‘qitish kompaniyasi “Berlitz Deutschland GmbH” o‘rtasida IT-park mutaxassislariga chet tillarini, xususan nemis tilini o‘rgatish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish