O‘zbekiston Prezidenti: O‘zligimizdan kuch olib, bugungi hayotimizni teran anglab, milliy kinomizning yangi sahifasini birgalikda yarata olamiz
Oktabr 26, 2026. 20:20 • 6 daq
• 35
TOSHKЕNT, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “O‘zbekfilm” kinostudiyasida kino sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqotda milliy kinoda erishilgan natijalar, sohada yechimini kutayotgan masalalar va uni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlari haqida so‘z bordi.
Davlatimiz rahbari “O‘zbekfilm” bir necha avlod ijodkorlarining mehnati bilan bog‘liq qadrdon maskan ekanini ta’kidladi. “Mahallada duv-duv gap”, “O‘tgan kunlar”, “Shum bola”, “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi” kabi filmlar va ularning qahramonlari xalqimiz xotirasida saqlanib qolgan. Bu an’ana mustaqillik yillarida “Abdullajon”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Dilxiroj”, “Vatan”, “O‘tov” singari asarlar bilan davom ettirildi.
– Mazkur dargohda milliy kino tariximiz, bir necha avlod ijodkorlarining mehnati, xalqimizning ekranga ko‘chgan orzulari, intilishlari va armonlari mujassam, – dedi Prezidentimiz.
So‘nggi yillarda kinostudiya to‘liq rekonstruksiya qilindi. Sohani qo‘llab-quvvatlashga doir ikkita farmon va sakkizta qaror qabul qilindi. Filmlar olish uchun davlat budjetidan 2016-yilda 10 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, bu yil 218 milliard so‘m berildi. O‘n yilda ajratilgan mablag‘ jami 1 trillion 200 milliard so‘mni tashkil etdi.
Sohaga o‘nlab xususiy kinostudiyalar kirib keldi, milliy kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqdi. “Islomxo‘ja”, “Ibrat”, “Avloniy”, “Abdulla Qodiriy”, “Qo‘qon shamoli”, “Muqimiy”, “Ilhaq”, “O‘zbek qizi”, “Bahodir Yalangto‘sh” kabi tarixiy filmlar yaratildi. Yaqinda “Oltin globus” xalqaro kino mukofoti doirasida Markaziy Osiyo va Kavkaz kinoijodkorlarini taqdirlash marosimi ilk bor Toshkentda o‘tkazildi. Unda san’atkor Gulchehra Jamilova “Meridian” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Prezidentimiz erishilgan natijalar bilan birga mavjud muammolarni ham ochiq ko‘rsatib o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani uchun odamlar kinoteatrga bormay qo‘ygani haqidagi fikrlarga qaramay, xorijiy filmlar namoyishida kinozallar to‘lmoqda.
– Demak, tomoshabin kinodan, kinoteatrlarga borishdan voz kechgani yo‘q, faqat uning didi va talabi o‘zgardi, – dedi davlatimiz rahbari.
Milliy filmlarning ayni talabga javob berishiga film ishlab chiqarishdan uni tomoshabinga yetkazishgacha bo‘lgan yaxlit zanjir – distributsiya shakllanmagani to‘sqinlik qilmoqda. Shuningdek, professional kinotanqidchilar fikri bilan yetarlicha hisoblashilmayapti. Mamlakatimiz yetakchisi xolis tahlil ijodkorga o‘z kamchiliklarini ko‘rish va o‘sish imkonini berishini ta’kidladi.
Amaldagi davlat buyurtmasi va xaridi tizimi ham zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayapti. Bir vaqtning o‘zida bitta rejissyorga oltitagacha, bir muallifga yettitagacha loyiha biriktirilgan. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani xususiy ijodkorlarning teng raqobat qilish imkonini cheklagan. Ssenariy suratga olish jarayonida boyishi, ijodiy yechimlar o‘zgarishi mumkinligi bois, filmni oddiy tovar yoki qurilish obyekti kabi texnik topshiriq asosida xarid qilish to‘g‘ri emasligi qayd etildi.
– Aslida, ijodkor mehnatining natijasi tomoshabinni chuqur o‘yga solib, qalbida iz qoldirgan film bilan o‘lchanishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari kino xalqlar bir-birini tanishiga xizmat qilishini, o‘z tarixi, madaniyati va milliy qahramonlarini jahon ekranlarida munosib ko‘rsata olgan mamlakatning ovozi va ta’siri kengayishini ta’kidladi. Kino bugun mamlakatning xalqaro nufuzini oshiradigan “yumshoq kuch”ga aylangan. U farzandlarimiz ongi va dunyoqarashini shakllantirishda ham katta ahamiyatga ega.
Mamlakatimiz yetakchisi “O‘z” g‘oyasining kino san’atidagi ifodasini “O‘zligimizni anglab, o‘z hikoyamizni o‘z ovozimiz bilan dunyoga aytish” deb ta’rifladi. Ekranda ulug‘ ajdodlarimiz bilan birga bugun yonimizda yashayotgan insonlarning ham haqqoniy qiyofasi aks etishi kerakligini aytdi. O‘qituvchilar, shifokorlar, sportchilar, Vatan himoyachilari, tadbirkorlar, quruvchilar va yoshlarning hayoti ta’sirli filmlar uchun katta mavzu ekani qayd etildi.
– Farzandlarimiz shunday qahramonlarda o‘zini ko‘rsin, o‘z kuchiga ishonsin, o‘z yurtining kelajagiga daxldorligini his etsin! – dedi davlatimiz rahbari.
Milliy kinoni rivojlantirish uchun sohani boshqarish, moliyalashtirish va film yaratish vazifalari aniq ajratiladi. Kinematografiya agentligi tugatilib, davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi. Vazirlikda Kino san’ati departamenti tashkil etilib, uning rahbari maqomi vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Mas’ullarga bir oyda yangi departament ishini yo‘lga qo‘yish va agentlik tizimini tugatish ishlarini yakunlash topshirildi.
Davlat muassasasi bo‘lgan “O‘zbekfilm” o‘rnida zamonaviy biznes modeli asosida ishlaydigan “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Kompaniyaning o‘zi film ishlab chiqarmaydi – ularni yaratish to‘liq xususiy sektorga o‘tadi. Milliy kinokompaniya loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targ‘ib qilish, tarqatish hamda xalqaro bozorlar va festivallarga olib chiqish bilan shug‘ullanadi. Uning faoliyatini bir haftada yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Kinolarni moliyalashtirishda davlat buyurtmasi o‘rniga subsidiya asosida qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.
– Bundan buyon davlat filmning buyurtmachisi emas, ijodkorlar va xususiy sektorning ishonchli hamkori bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Yangi tizimda texnik topshiriqlarga emas, ijodiy jarayon va uning talablariga ustuvorlik beriladi. Moliyalashtirish mexanizmini bir oyda joriy etish, kelgusi yildan boshlab milliy kinokompaniya so‘roviga ko‘ra har yili budjetdan tegishli mablag‘ ajratib borish topshirildi.
“O‘zbekfilm”ning 10 gektarlik hududida kino xizmatlari jamlangan yagona industrial klaster – “O‘zbekfilm kino shaharchasi” tashkil etiladi. Bu maqsadga 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. “Kino shaharchasi”da quriladigan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi uchun 80 milliard so‘m ajratiladi. Ikki oyda shaharchaning master-rejasi va loyiha-smetasini ishlab chiqish, qurilishni keyingi yil mart oyidan boshlash vazifasi qo‘yildi.
Kinoijodkorlar uchun yana bir tashabbus ma’lum qilindi. Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy talablar asosida ta’mirlangan “Ko‘hinur” sihatgohi to‘lig‘icha ular ixtiyoriga beriladi. Shuningdek, har yili sohaning kamida 300 nafar xodimiga respublika sihatgohlarida dam olish va davolanish uchun bepul yo‘llanma beriladi.
Sohada ilm, tahlil va professional tanqidchilikni rivojlantirish uchun “Kinoshunoslar klubi” tashkil etiladi. Milliy kinokompaniya uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi – FIPRESCIga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston Kino arboblari va O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmalari birlashtirilib, O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tuziladi. Palata ijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning professional o‘sishiga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi. Yosh kinoijodkorlarning xorijda malaka oshirishi qo‘llab-quvvatlanadi.
Prezidentimiz “O‘zbekfilm” nomini milliy kinomizning yagona brendi sifatida mustahkamlashni taklif qildi. Hozirgi Chilonzor ko‘chasining ushbu qismiga “O‘zbekfilm” nomini berish, Kino san’ati muzeyi, Kino san’ati saroyi va Milliy kinofondni ham shu nom ostida birlashtirish tashabbusi bildirildi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari tajribali kinoijodkorlar va yoshlarning fikrlarini tingladi. Ijodkorlarga zarur sharoit yaratilishi va ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi. Yaxshi kino yaratish uchun halol mehnat, vatanparvarlik va xalqimizni sevib ijod qilish ham zarurligi aytildi.
– Sizlarga ishonaman. o‘zligimizdan kuch olib, bugungi hayotimizni teran anglab, milliy kinomizning yangi sahifasini birgalikda yarata olamiz, – dedi Prezidentimiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi