“Okaz” gazetasi: 2026 yilda O‘zbekistonning Haj mavsumi kvotasi 15 mingdan oshdi
Iyun 11, 2026. 17:00 • 2 daq
• 68
AR-RIYOZ, 11-iyun /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining mashhur “Okaz” gazetasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarning haj mavsumi yakunlari, o‘zbekistonlik hojilar uchun yaratilgan sharoitlar va ikki tomonlama aloqalar to‘g‘risidagi intervyusi e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat hijriy 1446-yilgi haj mavsumi yakunlari, yurtimiz fuqarolarining haj safarini tashkil etish hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlariga bag‘ishlandi.
Muftiy gazeta muxbiri savollariga javob berar ekan, bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli va uyushqoqlik bilan o‘tganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik ziyoratchilar ibodatlarni ado etish uchun yaratilgan sharoitlarni, shuningdek, ko‘rsatilgan xizmatlar va xavfsizlik ta’minoti darajasini yuqori baholagan.
Intervyuda O‘zbekistonning haj ziyoratini tashkil etishdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. Shayx Nuriddin Xoliqnazarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘zbekistonlik ziyoratchilarning haj amallarini eng yuqori saviyada ado etishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Muloqotda, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj ziyoratini tashkil etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Agar avvallari o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun kvota 5 200 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib haj ziyoratini ado etish imkoniyatiga ega bo‘lgan fuqarolar soni 15 250 nafarga yetkazildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar joriy yilda “Prezident ziyoratchilari” nomli yangi dastur ishga tushirilgani haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Ushbu xayrli loyiha doirasida mamlakat taraqqiyoti, diniy-ma’rifiy va ijtimoiy hayotga salmoqli hissa qo‘shgan 100 nafar O‘zbekiston fuqarosi faxriy mehmon sifatida haj ziyoratini ado etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Muftiyning ta’kidlashicha, hozirda O‘zbekistonda hajga borish istagida bo‘lganlarni navbat asosida ro‘yxatga olish bo‘yicha yagona elektron tizim faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, ziyoratni tashkil etish uchun mamlakatning to‘qqizta xalqaro aeroportidan foydalanilmoqda. Bu respublikaning turli hududlaridagi fuqarolar uchun safar jarayonini yanada qulaylashtirish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari ikki mamlakatning mutasaddi idoralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yuqori darajada ekanini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning diniy idoralari va Saudiya Arabistonining tegishli tuzilmalari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun bu yilgi haj mavsumini muvaffaqiyatli tashkil etishga katta yordam berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi