Xitoylik ijodkorlar Samarqand haqida hujjatli film suratga oladi
Oktabr 06, 2026. 16:30 • 2 daq
• 158
XANCHJOU, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Xitoyning Chjetszyan provinsiyasi Xalqaro kommunikatsiya markazi direktori Szyan Yun bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida Xitoy tomoni markaz hamda Lyanchju muzeyi hamkorligida dunyoning qadimiy shaharlariga bag‘ishlangan “Lyanchjudan dunyo sari” xalqaro media loyihasini amalga oshirish rejalari haqida ma’lum qildi.
Mazkur tashabbus doirasida Samarqandning boy tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan xitoy va ingliz tillaridagi 25 daqiqalik hujjatli film tayyorlash ko‘zda tutilgan. Ushbu kartinani yaratish maqsadida Xitoy tomoni O‘zbekistonga suratga olish guruhini yuborishini qayd etdi.
Suratga olish jarayonini tashkil etish uchun Xitoy vakillari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Turizm qo‘mitasi hamda Samarqand davlat muzeyi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdor.
Eslatib o‘tamiz, qariyb 5 ming yillik tarixga ega Lyanchju shahri qadimgi Xitoy sivilizatsiyasining ilk bosqichi hamda Qadimgi Xitoyning so‘nggi neolit davri madaniyati sanaladi. 2019-yilda Lyanchju YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi