O‘zbekiston delegatsiyasi Tanzaniyada bo‘lib o‘tgan Parlament ayollari forumida nogironligi bo‘lgan ayollar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasini taqdim etdi

Oktabr 07, 2026. 11:30 • 3 daq

• 11
O‘zbekiston delegatsiyasi Tanzaniyada bo‘lib o‘tgan Parlament ayollari forumida nogironligi bo‘lgan ayollar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasini taqdim etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Tanzaniyada bo‘lib o‘tgan Parlament ayollari forumida nogironligi bo‘lgan ayollar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasini taqdim etdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Tanzaniyada bo‘lib o‘tgan Parlament ayollari forumida nogironligi bo‘lgan ayollar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasini taqdim etdi

ARUSHA, 7-oktabr. /«Dunyo» AA/. Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida Tanzaniyada Parlament ayol a’zolari forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlamentimiz yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, forumda 120 ga yaqin parlament a’zolari qatnashdi. Tadbir doirasida "Barcha uchun inklyuziv ijtimoiy rivojlanish: nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ilgari surish va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha parlament strategiyalari" mavzusidagi rezolyutsiya loyihasi muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ma’ruza bilan ishtirok etdi va mamlakatimizning nogironligi bo‘lgan ayollar hamda qizlarning huquqlarini ta’minlash, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish, shuningdek, xotin-qizlarning ta’lim olishi, mehnat qilishi va jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun teng imkoniyatlar yaratish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash va xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlangani qayd etildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari amalda ta’minlanayotganiga, oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilanganiga, jabrlanganlarga ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlari joriy etilganiga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati Raisi rezolyutsiya loyihasini takomillashtirish yuzasidan bir qator amaliy takliflarni bildirdi.

Parlamentlarda qonun loyihalarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlari nuqtayi nazaridan majburiy ekspertizadan o‘tkazish tartibini joriy etish, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar va qizlar duch kelayotgan to‘siqlarni alohida baholash hamda qarorlar qabul qilish jarayoniga ularning o‘zini bevosita jalb etish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, qabul qilingan qonunlarning ijrosi ustidan doimiy va ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlash, nazorat tadbirlariga nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, xotin-qizlar hamda ularning huquq va manfaatlarini ifoda etuvchi tashkilotlarni keng jalb qilish taklif etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining takliflari rezolyutsiya loyihasini takomillashtirish jarayonida inobatga olinadi hamda keyingi muhokama uchun Parlamentlararo ittifoqning Demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha doimiy qo‘mitasiga taqdim etiladi.

Parlamentlararo ittifoq Parlament ayol a’zolari byurosi prezidenti Sintiya Lopes Kastro 2022-yil sentabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoq parlamentlar ayol rahbarlarining 14-sammitining amaliy ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Uning fikricha, mazkur sammit gender tenglikni ta’minlash, ayollarning parlament faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish va ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini mustahkamlashga, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarga munosib hissa qo‘shgan.

Forum yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashish va inklyuziv jamiyat barpo etishga qaratilgan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish