O‘zbek milliy hunarmandchiligi Malayziya xalqaro yarmarkasida namoyish etildi

Oktabr 06, 2026. 15:00 • 2 daq

• 162

KUALA-LUMPUR, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi Malayziya xalqaro hunarmandchilik yarmarkasi (MICF-2026)da milliy stend bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan ushbu ko‘rgazma mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Xalqaro tadbirda 30 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq hunarmand va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Ko‘rgazma davomida turli mamlakatlarning milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyish qilinib, ularni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.

O‘zbekiston milliy stendida Buxoro zargarlik maktabi an’analarini o‘zida mujassam etgan qo‘l mehnati buyumlari keng namoyish qilindi. Qimmatbaho metallar va toshlardan tayyorlangan milliy taqinchoqlar, nafis bezaklar va o‘ziga xos naqshlar tashrif buyuruvchilar, jumladan, Malayziya Qirollik oilasi a’zolari, davlat idoralari hamda diplomatik korpus vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vazirligi vakillari xalqaro yarmarka xalqlar va madaniyatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. O‘zbekistonlik ustalarga tadbirni tashkil etishdagi ishtiroki uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.

Buxorolik mohir usta Tohir Muhamedovning xalq amaliy san’ati namunalari esa Buxoro zargarlik maktabining ko‘p asrlik an’analari, milliy uslubi va yuksak mahoratini xalqaro maydonda namoyon etdi.

“MICF-2026”dagi ishtirok O‘zbekiston milliy hunarmandchiligini xalqaro auditoriyaga keng targ‘ib qilish, ustalar ijodini yangi bozorlarga olib chiqish va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish