O‘zbekiston va BAA oliy taʼlim hamda mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytiradi
Iyul 21, 2026. 13:00 • 2 daq
• 199
ABU-DABI, 21-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Umid Shodiyev BAAning inson resurslari va oliy taʼlim vaziri Abdurahmon Abdulmannon Al Avar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida tomonlar oliy taʼlim va mehnat migratsiyasi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, qator amaliy kelishuvlarga erishdi.
Oliy taʼlim yo‘nalishida BAA tomoni joriy yil sentyabr oyida O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining amaliy tashrifini qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, texnologiyalar, muhandislik, tibbiyot, davlat boshqaruvi va innovatsiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mehnat migratsiyasi sohasida esa BAA tomoni O‘zbekiston Kasbiy taʼlim agentligi bilan yaqin vaqt ichida videokonferensiya o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Unda O‘zbekiston fuqarolarini BAA mehnat bozoriga tizimli jalb qilish, kasbiy tayyorgarlik sifatini oshirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlash, taʼlim va mehnat sohalarida yangi imkoniyatlarni yaratishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi