Ku Gido: O‘zbekiston bilan hamkorlik allaqachon oddiy savdo doirasidan chiqib, strategik sheriklik yo‘nalishida rivojlanmoqda

Sentabr 14, 2026. 10:30 • 3 daq

230
Ku Gido: O‘zbekiston bilan hamkorlik allaqachon oddiy savdo doirasidan chiqib, strategik sheriklik yo‘nalishida rivojlanmoqda

SEUL, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. “AHA Co., Ltd.” kompaniyasi raisi Ku Gido O‘zbekistonning so‘nggi 10 yillikdagi keng ko‘lamli islohotlari, natijalari va yutuqlari haqida “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berib, mamlakatimiz xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Bu yil Yangi O‘zbekistonda islohotlar boshlanganiga 10 yil bo‘ldi. So‘nggi 10 yildagi yutuqlarni qanday baholaysiz?

– Avvalo, Yangi O‘zbekiston xalqini mamlakat islohotlarining 10 yilligi hamda mustaqillikning 35 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Haqiqatdan, so‘nggi 10 yil O‘zbekiston tarixida keng ko‘lamli o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Islohotlar boshlangunga qadar mamlakatning maʼmuriy tizimi va institutlari nisbatan yopiq bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib O‘zbekiston investorlar va tadbirkorlarga yo‘naltirilgan ochiq iqtisodiyotga jadal o‘tmoqda.

Janubiy Koreya biznesi vakili sifatida aytishim kerakki, mamlakatingizda tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, iqtisodiyotning ochilishi va bozor mexanizmlarining rivojlanishi, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, biznes yuritish sharoitlarining yaxshilanishi va soliq islohoti tufayli xorijiy kompaniyalar va investitsiyalar uchun ancha barqaror sharoitlar yaratildi.

Shu bilan birga, investitsiyaga yo‘naltirilgan davlat tizimining shakllantirilishi natijasida vazirliklar va mahalliy hokimiyat organlari investorlarga hamkor sifatida qaray boshladi, maʼmuriy xizmatlar sifati va tezkorligi esa sezilarli darajada oshdi.

Raqamli davlat boshqaruvining rivojlantirilishi, elektron hukumat va onlayn maʼmuriy xizmatlarning kengayishi korxonalar faoliyati samaradorligini jiddiy oshirdi.

Xalqaro hamkorlikning kengayishi nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro aloqalar, balki Janubiy Koreya, Yevropa, Yaqin Sharq mamlakatlari, AQSh, Yaponiya va boshqa davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikning sezilarli darajada faollashuviga olib keldi.

Eng muhimi, yosh kadrlarga qobiliyatini namoyish etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Ayniqsa, taʼlim sohasidagi islohotlar va xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali kelajak tarmoqlarini rivojlantirishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha davlat strategiyasi tahsinga sazovor.

Bu o‘zgarishlar kelgusida ham yanada salmoqli islohotlar, natijalar va yutuqlarga olib kelishiga ishonchim komil.

– Sizningcha, so‘nggi 10 yildagi hamkorlikning asosiy yutug‘i nima va kelajakda qaysi yo‘nalishlar eng muhim bo‘ladi?

– Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik allaqachon oddiy savdo doirasidan chiqib, strategik sheriklik yo‘nalishida rivojlanmoqda. Ayniqsa, avtomobilsozlik, elektron sanoat, qurilish, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli hamkorlik amalga oshirilmoqda.

O‘ylaymanki, kelajakda qo‘shma ishlab chiqarishga (Joint Manufacturing) asoslangan hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etadi. AHA kompaniyasi ham O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, texnologiyalar transferini amalga oshirish va eksportni kengaytirish bilan bir vaqtda intellektual taʼlim uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini amalga oshirmoqda.

Istiqbolda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi o‘sish drayverlari sifatida sunʼiy intellekt, “aqlli” fabrikalar, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarishning keyingi bosqichlari, akkumulyator texnologiyalari, energiya jamg‘arish tizimlari (ESS), elektromobillar uchun quvvatlash moslamalari, raqamli taʼlim, tibbiy sunʼiy intellekt va “aqlli” shaharlar xizmat qilishi mumkin.

– Aytingchi, investitsiyalar uchun qulay iqtisodiy muhitning yaratilishi xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini qay darajada oshirdi?

– Fikrimcha, investorlar uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlarning yaratilishi xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini sezilarli darajada yuksaltirdi. Investor uchun soliq imtiyozlaridan ko‘ra, barqaror va oldindan aniq bo‘lgan qoidalar hamda samarali institutlar muhimroqdir.

So‘nggi 10 yil ichida O‘zbekiston qonunchilikni takomillashtirish, investitsiyalarni himoya qilish, xorijiy sarmoyalarni kengaytirish, xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish va kredit reytingini yaxshilash orqali tobora ishonchni mustahkamlamoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish