Talabalar shaharchasida xavfsiz muhit va raqamli boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi
Sentabr 11, 2026. 19:19 • 3 daq
• 116
TOSHKENT, 11-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Olmazor tumanidagi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligida tashkil etilgan vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, yurt taraqqiyoti va uning kelajagi ilm-fanga intiluvchan, bilimli va tashabbuskor yoshlar salohiyati bilan uzviy bog‘liq. Shu bois, talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun xavfsiz va zamonaviy muhit yaratish, taʼlim muassasalari va talabalar shaharchalarida boshqaruv tizimini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 5-yanvarda qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida “Yoshlik” talabalar shaharchasida raqamli texnologiyalarga asoslangan vaziyatlar markazi tashkil etildi. Markaz talabalar xavfsizligini taʼminlash, hududdagi ijtimoiy muhitni real vaqt rejimida kuzatish, davomatni nazorat qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan kompleks tizim sifatida faoliyat yuritadi.
Umumiy maydoni 1 ming 368 kvadrat metrni tashkil etuvchi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligi binosi 2024-yilda qurilgan. Uni mukammal taʼmirlash, vaziyatlar markazini tashkil etish va hududni obodonlashtirish ishlariga 33 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Bugungi kunda binoda vaziyatlar markazi bilan bir qatorda startap xonasi, oliy taʼlim tarixi muzeyi, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi hamda xotin-qizlar tadbirkorligi markazi joylashgan.
Vaziyatlar markazi shaharchadagi 41 ta talabalar yotoqxonasini qamrab olgan. Tizim orqali 75 mingga yaqin talaba, shu jumladan, yotoqxonalarda istiqomat qiluvchi 17,5 ming nafar yigit-qizning xavfsizligi taʼminlanadi. Ularning davomatini nazorat qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish imkoniyatlari ham mavjud.
Markaz 17 ta axborot tizimi bilan integratsiya qilingan. Bu turli maʼlumotlarni yagona raqamli platforma orqali tezkor tahlil qilish va vaziyatga qarab zarur choralar ko‘rish imkonini beradi.
Tashrif doirasida davlatimiz rahbariga talabalar shaharchasida xavfsizlik va ijtimoiy muhitni real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyatlari hamda markazning ishlash tamoyillari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur tizim orqali talaba yoshlar bilan tizimli ishlash va ularni o‘ylantirayotgan masalalarni tezkor hal etish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Ushbu tajribani respublikadagi boshqa talabalar turar joylarida ham joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi