Ukraina Prezidenti yangi bosh vazir lavozimiga nomzod taqdim etdi

Iyul 16, 2026. 15:30 • 2 daq

108
Ukraina Prezidenti yangi bosh vazir lavozimiga nomzod taqdim etdi
“Interfaks-Ukraina” AA surati

KIEV, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radaga (parlament) Sergey Koreskiyni mamlakat Bosh vaziri lavozimiga tayinlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu haqda Ukraina parlamenti spikeri Ruslan Stefanchuk o‘zining “Facebook”dagi sahifasida eʼlon qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, parlament davlat rahbarining taqdimnomasini belgilangan tartibga muvofiq yaqin vaqt ichida ko‘rib chiqadi.

Bir kun avval Oliy Rada Yuliya Sviridenkoning bosh vazir lavozimidan isteʼfosini qo‘llab-quvvatlagan edi. U 2025-yilning 17-iyulidan buyon hukumatga rahbarlik qilib kelayotgandi. Mazkur qaror butun hukumatning isteʼfoga chiqishini ham anglatadi.

Deputat Yaroslav Jeleznyak avvalroq bu lavozimga dastlab to‘rtta ehtimoliy nomzod sifatida – “Naftogaza Ukraina” boshqaruvi raisi Sergey Koreskiy, energetika vaziri Denis Shmigal, mudofaa vaziri Mixail Fedorov va Xarkov meri Igor Terexov ko‘rib chiqilganini maʼlum qilgan edi.

Shundan so‘ng, prezident Vladimir Zelenskiy barcha maslahatlashuvlardan keyin bosh vazir lavozimiga Sergey Koreskiyni eng munosib nomzod deb hisoblashini bayon qildi.

Parlament bugunoq hukumatning yangi rahbarini tasdiqlashni va yangi Vazirlar Mahkamasi uchun ovoz berishni rejalashtirmoqda. Hukumatning deyarli butun tarkibi maʼlum. Ukraina OAV maʼlumotlariga ko‘ra, eng muhim o‘zgarish mudofaa vaziri Mixail Fedorovning lavozimidan olinishidir. Mudofaa idorasi rahbari lavozimini Ichki ishlar vaziri Igor Klimenko egallashi mumkin. Shu bilan birga, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga o‘z lavozimida qoladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish