Ukraina va NATOning to‘qqizta davlati raketaga qarshi mudofaa koalitsiyasini tuzmoqchi

Iyul 15, 2026. 16:00 • 2 daq

96
Ukraina va NATOning to‘qqizta davlati raketaga qarshi mudofaa koalitsiyasini tuzmoqchi

PARIJ, 15-iyul. /“Dunyo” AA/ Daniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ukraina, Fransiya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya raketaga qarshi mudofaa koalitsiyasini tuzishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Yelisey saroyi bayonotiga tayanib.

Qo‘shma deklaratsiyaga ko‘ra, ishtirokchilar kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan raketa tahdidlarini to‘xtatish va qaytarish uchun mo‘ljallangan Yevropaning integratsiyalashgan raketaga qarshi mudofaa arxitekturasi yaratishni maqsad qilgan.

Loyiha ishtirokchi mamlakatlarning mudofaa sanoati salohiyatini birlashtirish, qo‘shma tadqiqotlar, texnologik hamkorlik va tezkor tajriba almashish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Mudofaa-sanoat bazamiz, tadqiqotlarimiz va amaliy tajribamizni birlashtirish orqali biz Yevropa uchun umumiy raketaga qarshi mudofaa salohiyatini yaratishga intilamiz”, deyiladi bayonotda.

Yelisey saroyining taʼkidlashicha, yangi tizim faqat mudofaa xususiyatiga ega bo‘lib, mavjud va joylashtirilishi rejalashtirilgan raketaga qarshi mudofaa tizimlarini to‘ldiradi.

Tashabbus ishtirokchilari koalitsiyaning yaratilishi Yevropada ballistik raketalardan foydalanish xavfi ortib borayotgani bilan bog‘liqligini taʼkidladi. Shu bilan birga, ular tizim hech qanday davlatga qarshi qaratilmaganini qayd etgan.

“Biz buni biror xalqqa qarshi emas, balki o‘z davlatimizni himoya qilish uchun qilmoqdamiz”, deyiladi hujjatda. Unda yangi raketaga qarshi mudofaa arxitekturasini yaratishda Ukraina tajribasidan foydalanish qayd etilgan.

Avvalroq, Ukraina va Yevropa Ittifoqi mamlakatning ittifoqqa aʼzo bo‘lish jarayoni doirasida yana bir muzokaralar klasterini rasman ochgan edi. Yevropa Ittifoqining kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kosning taʼkidlashicha, bu qadam ramziy ahamiyatga ega. Chunki mazkur klaster tashqi siyosat, xavfsizlik va mudofaa sohalarini qamrab oladi. Bu esa Ukraina Yevropa Ittifoqining muhim hamkoriga aylanganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish