O‘zbekiston Prezidenti: Bizga uzoq yil xizmat qiladigan sifatli yo‘l kerak

Noyabr 27, 2026. 15:36 • 5 daq

• 73
O‘zbekiston Prezidenti: Bizga uzoq yil xizmat qiladigan sifatli yo‘l kerak

TOSHKENT, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun transport-logistika sohasidagi investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori o‘sish sur’atlariga mos ravishda transport tizimini rivojlantirish, sohaga investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilish, bunda xususiy sektor ishtirokini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuvda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sohada tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish, mamlakatimizning xalqaro transport yo‘laklariga integratsiyalashuvini kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

So‘nggi o‘n yilda yo‘l sohasiga 80 trillion so‘m ajratilib, 7 ming kilometr yo‘l qayta qurildi, 125 ming kilometri ta’mirlandi. Endilikda sohaga 20 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati mavjud.

Xususan, umumiy qiymati 5,6 milliard dollar bo‘lgan, jami 593 kilometrlik pulli avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha beshta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Yo‘l va ko‘priklar qurilishiga mahalliy tadbirkorlarni keng jalb qilish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Hozirga qadar hududlarda 4 milliard dollarlik 131 ta loyiha taklifi shakllantirilgan. Bunday loyihalar investorlarga yo‘llarni qurish, saqlash va boshqarish sharti, ularning bo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish huquqi bilan taklif qilinadi.

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda 6,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz xorijlik hamkorlarga mahalliy mutaxassislarni xalqaro miqyosdagi yirik infratuzilma loyihalariga jalb qilish, kompaniyalarimizni xorijiy tenderlarda ishtirok etishga tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishni taklif etdi.

Yo‘l qurilishida, avvalo, sifat va iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

– Bizga bugun arzon qurilib, ertaga yana byudjetdan pul talab qiladigan yo‘l emas, uzoq yil xizmat qiladigan sifatli yo‘l kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda polimer bitum va geotekstil texnologiyalaridan foydalanishni yo‘l qurilishi standartlariga kiritish, kelgusi yildan xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilishda ushbu talabni majburiy etib belgilash vazifasi qo‘yildi.

Temir yo‘l sohasida tashish quvvatlarini oshirish va infratuzilmani istiqboldagi yuk oqimlariga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li ishga tushishi bilan yuk tashish hajmi 10 karra oshib, yiliga 15-16 million tonnaga yetishi kutilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatimizda 545 kilometr yangi temir yo‘l qurish, elektrlashtirilgan yo‘llar ulushini 65 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Angren – Pop va boshqa muhim yo‘nalishlarni modernizatsiya qilish, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi temir yo‘l liniyasini barpo etish ko‘zda tutilgan. Davlatimiz rahbari xalqaro moliya tashkilotlari va investorlarni umumiy qiymati 8 milliard dollarlik ushbu loyihalarda hamkorlik qilishga chaqirdi.

Yuk vagonlari parkini har yili 5-6 mingtaga ko‘paytirish uchun tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va temir yo‘l infratuzilmasidan foydalanishda chegirmalar beriladi. Kelgusi yildan sohada yangi tarif siyosati bosqichma-bosqich joriy etilib, tashish xarajatlarini shakllantirishning shaffof tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yirik quruqlik portiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga O‘rta yo‘lak imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xorijlik hamkorlar bilan elektron yuk hujjatlarini o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvlarni yakunlash, yurtimizni dunyoning yirik dengiz portlari bilan bog‘lovchi blok-poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Keyingi o‘n yilda mamlakatimizning logistika quvvatlarini 80 million tonnaga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada investorlar bilan hamkorlikda 1,6 milliard dollarlik 9 ta yirik logistika markazini barpo etish vazifasi belgilandi.

Aviatsiya sohasida ham xususiy investitsiyalarni jalb qilish va bozor ishtirokchilari uchun qulay iqtisodiy sharoitlar yaratish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda aeroportlar soni 18 taga yetdi. Joriy yilda havo transportida tashiladigan yo‘lovchilar soni 17 million nafarni tashkil etishi kutilmoqda. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 25 millionga yetkazish maqsad qilingan.

Xorijlik hamkorlar ishtirokida barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroportga tutash hududda 5 milliard dollarlik “Aerocity” loyihasi amalga oshiriladi. Unda logistika va elektron tijorat markazlari, savdo majmualari, mehmonxonalar va turar joylarni qamrab olgan yaxlit ekotizim yaratiladi.

Mahalliy aviakompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida aviayoqilg‘i narxini jahon bozoridagi o‘rtacha narxga bog‘lash, yoqilg‘i, ehtiyot qismlar importi va havo kemalari ijarasi bo‘yicha qo‘shimcha soliq va bojxona imtiyozlarini joriy etish belgilandi. Mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va ishga qabul qilish majburiyatini olgan aviakompaniyalarga ham alohida yengilliklar beriladi.

Yaratilayotgan sharoitlar hisobiga havo kemalari sonini 2030-yilga qadar kamida 250 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Xalqaro aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida ular 2030-yilgacha mol-mulk va yer soliqlaridan ozod etiladi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentda zamonaviy kampus, o‘quv-simulyatsiya va ilmiy-tadqiqot markazlariga ega O‘zbekiston xalqaro fuqaro aviatsiyasi universitetini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Uchrashuvda aholiga qulay va sifatli jamoat transporti xizmatlarini ko‘rsatish masalalari ham muhokama qilindi.

So‘nggi uch yilda tadbirkorlar tomonidan 3,5 mingdan ziyod zamonaviy avtobus olib kelinib, 330 ta yo‘nalish yangi tizimga o‘tkazildi. Natijada kunlik yo‘lovchilar oqimi poytaxtda 2 barobar, hududlarda 2,5 barobar oshdi.

Endilikda poytaxtni aglomeratsiya hududlari bilan bog‘lovchi, uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan avtobus yo‘nalishlari to‘liq “brutto” tizimiga o‘tkaziladi. Avtobus saroylarini barpo etadigan tadbirkorlarga soliq yengilliklari joriy etilib, olis hududlarda transport xizmatlarini tashkil etishning yangi moliyalashtirish mexanizmi ishlab chiqiladi.

Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimi ortib borayotganini inobatga olib, kelgusi ikki yilda 28 ta besh vagonli poyezd olib kelish, amaldagi 40 ta to‘rt vagonli poyezdni besh vagonli tizimga o‘tkazish belgilandi.

Prezidentimiz investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning sohani rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalari va takliflarini tingladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish