O‘zbekiston Prezidenti Farg‘ona viloyatini iqtisodiy rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishning ustuvor vazifalarina belgiladi
Noyabr 26, 2026. 21:20 • 5 daq
• 23
TOSHKЕNT, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Farg‘ona viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, mahalliy sanoatni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror o‘sishini ta’minlash, investitsiyaviy faollikni oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Bunda har bir hududning iqtisodiy imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, yangi ish o‘rinlari va aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yig‘ilishda bu borada Farg‘ona viloyatida erishilgan natijalar tahlil qilindi. Joriy yil yakuniga ko‘ra viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,6 foizga, sanoat 8,5 foizga, xizmatlar hajmi 16,3 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarida hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini, ularni ro‘yobga chiqarish orqali aholi daromadlari va turmush darajasini sezilarli oshirish mumkinligini ta’kidladi.
So‘nggi kunlarda xorijlik investorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda energetika, qurilish materiallari sanoati, elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilgani qayd etildi.
Farg‘ona viloyatida ham ushbu tarmoqlarni jadal rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Bu borada umumiy qiymati kamida 20 milliard dollarlik investitsiya loyihalarining portfeli shakllantirilgan.
Viloyat sanoatini rivojlantirishning yangi modeliga o‘tish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bunda istiqbolda talab yuqori bo‘ladigan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, yirik sanoat korxonalari atrofida tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish orqali korxonalar samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.
O‘zbekiston, Beshariq va Farg‘ona tumanlaridagi qariyb 1,5 ming gektar samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarida maxsus sanoat zonalarini tashkil etish taklifi ma’qullandi.
Shuningdek, Farg‘ona shahrida kimyo sanoati korxonalarining bo‘sh turgan 24 gektar maydonida innovatsion texnopark tashkil etib, 300 million dollarlik loyihalarni joylashtirish, “Eltexsanoat” texnoparki hududini qo‘shimcha 70 gektarga kengaytirish va Dang‘ara tumanida uning filialini ochish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Viloyatning tuman va shaharlarida xorijlik sheriklar bilan hamkorlikda qurilish materiallari, kabel mahsulotlari, shamol turbinalari, elektrobuslar, quyosh panellari uchun mikrochiplar, elektroskuterlar uchun akkumulatorlar, avtomobil ehtiyot qismlari va maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.
Mavjud imkoniyatlarni ishga solish hisobiga 2027-yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini kamida 10 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 9 foizga oshirish, 6,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda viloyatning turizm salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha rejalar ham ko‘rib chiqildi.
Farg‘onaning betakror tabiati, boy madaniy merosi va hunarmandchilik an’analari ekologik, ziyorat, gastronomik hamda sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida yirik turistik majmualarni tashkil etish, “Chimyon-soy” bo‘yida, Dang‘ara, Yozyovon, Oltiariq va So‘x tumanlarida Parkent tumanidagi ilg‘or tajriba asosida zamonaviy turistik va oilaviy dam olish maskanlarini barpo etish rejalari taqdim etildi.
Qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, xususan, bog‘dorchilikni sanoatlashtirish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Farg‘ona viloyati meva-sabzavotchilikda yetakchi hududlardan biri bo‘lsa-da, bog‘larning katta qismi eski usulda parvarishlanayotgani, hosildorlik pastligi va suv sarfi yuqoriligi ko‘rsatib o‘tildi. Yetishtirilayotgan mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlari ham yirik xalqaro savdo tarmoqlari talablariga to‘liq javob bermayapti.
Shu bois, mutasaddilarga Farg‘ona, Quva va Oltiariq tumanlaridagi agrostar kompaniyalari bilan hamkorlikda jami 37 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Qolaversa, viloyatda 100 ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan yirik loyihalarni amalga oshirish, Bag‘dod va Furqat tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish hamda Turkiya tajribasi asosida aholi xonadonlarida parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida erishilgan natijalar ham tahlil qilindi. Joriy yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik darajasi 3 foizga, kambag‘allik darajasi 2,7 foizga tushishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari endilikda aholi daromadlarini oshirish hudud rahbarlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.
2027-yilda bajariladigan chora-tadbirlar hisobiga viloyatda 1,1 million nafar aholining daromadini ikki barobar oshirish maqsad qilingan.
Buning uchun har yili viloyatning bittadan tuman yoki shahrida 10 tadan mahallani sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatishga chuqur ixtisoslashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Yozyovon, Beshariq, Furqat va Rishton tumanlarining kamida 10 tadan mahallasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, Oltiariq va Farg‘ona tumanlaridagi 41 ta mahallada jami 8,5 ming gektar maydonda o‘rikchilik va uzumchilik kooperatsiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari hamda Uchko‘prik tumanidagi to‘rtta texnikumda chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu orqali yiliga 6 ming nafar fuqaroni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyati aholisi 4,2 million nafardan oshgan. Aholi sonining muttasil o‘sib borayotgani uy-joylar, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani mutanosib ravishda rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Shu bois, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlarida 600 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yirik shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish, ushbu hududlarda yashash va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
Viloyatda yangi ta’lim va tibbiyot muassasalarini, zamonaviy sport majmualarini barpo etish bo‘yicha loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari viloyat hokimligi va islohotlar shtabiga mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, aniq iqtisodiy natijalarga erishish hamda aholi muammolarini manzilli hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi