Bishkek shahrida O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
Oktabr 26, 2026. 20:30 • 2 daq
• 7BISHKЕK, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning Alikul Osmonov nomidagi Milliy kutubxonasida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davra suhbati Chingiz Aytmatov nomidagi zalda tashkil etildi. Unda 30 nafardan ortiq vatandoshlar va jamoatchilik vakillari, jumladan, Qirg‘izistondagi O‘zbek milliy-madaniy markazi rahbariyati, Qirg‘iziston va O‘zbekiston do‘stlik jamoat birlashmasi raisi, “O‘zbek tili do‘stlari klubi” rahbari, faollar, “Chingiz Aytmatov nomidagi Xalqaro Issiqko‘l forumi” jamoat birlashmasi hamda Qirg‘iziston tojiklari assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Forum vitse-prezidenti Dinara Jumaboyeva uyushma nomidan ishtirokchilarni qutlab, boy tarix, adabiy an’ana va falsafiy merosga ega bo‘lgan o‘zbek tiliga hurmat-ehtirom ko‘rsatdi. U Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy va boshqa buyuk mutafakkirlar jahon fan va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgani, ularning merosi butun insoniyatga tegishli ekanini ta’kidladi.
Qirg‘iziston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Markabay Aamatov tilni millatning ma’naviy boyligi va uning o‘zlik ifodasi deb atadi. “O‘zbek va qirg‘iz tillari maktablar, universitetlar, kutubxonalar va xalqaro konferensiyalarda yonma-yon jaranglayotgani juda quvonarli. Madaniy aloqalarni mustahkamlash orqali biz umumiy kelajagimizni mustahkamlaymiz”, — dedi u.
Tojik jamoati vakili, shoira Shoista Ravshan til, adabiyot va san’at xalqlar o‘rtasida do‘stlik ko‘priklarini qurishga qodir ekanini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


