Logo

O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahri qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi

Yanvar 27, 2026. 18:08 • 4 daq

4
O‘zbekiston Prezidenti Toshkent shahri qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi

TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda aholining tinch va osoyishta hayoti hamda mol-mulki daxlsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilib, ilg‘or xorijiy tajriba asosida zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri ham aynan shu sanaladi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yildagi tegishli farmon va qarori ijrosi doirasida Qo‘riqlash departamenti Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlari tizimiga o‘tkazildi.

Ushbu farmon va qarorda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida aniq rejalar ishlab chiqilib, tegishli choralar ko‘rildi.

Texnik qo‘riqlashni tashkil etish va aholiga texnik qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatishning yangi tizimlari joriy etildi.

Xususan, ko‘p qavatli uylarning yo‘laklariga “tashvish” tugmalarini o‘rnatish orqali qo‘riqlash naryadlarining qamrovi ostidagi xonadonlar soni keskin oshirildi, himoya orderi berilgan ayollarning xavfsizligini taʼminlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Obyekt va xonadonlarni qo‘riqlovga olish ishlarida ichki ishlar organlarining tegishli xizmatlari bilan hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Natijada qo‘riqlanayotgan obyektlarning soni yil davomida 99 foizga, qo‘riqdagi xonadonlarning soni esa 118 foizga oshdi. Texnik qo‘riqlash markazlarining soni 19 foizga, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tezkor harakatlanuvchi guruhlarning soni esa 15 foizga oshdi.

Davlatimiz rahbari xizmat binosi hovlisida xizmatda qo‘llanilayotgan maxsus texnika vositalari, dronlar manyovri, jamoat tartibini saqlashga jalb etiladigan transport vositalarini ko‘zdan kechirdi.

So‘ng qo‘riqlash texnika vositalarining ko‘rgazmali taqdimoti bilan tanishildi. Bu yerda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish va uni izchil rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha axborot berildi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yildagi tegishli qarori bilan belgilangan aniq mexanizmlar amaliyotga joriy etilishi natijasida respublika miqyosida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Ko‘rgazma maydonchasida yuridik va jismoniy shaxslarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o‘rnatilgan videokuzatuv tizimlari hamda turli xil kameralarning real vaqtda ishlash jarayoni namoyish etildi, ularning texnik imkoniyatlari tushuntirildi va amaliy tavsiyalar berildi.

Taqdimot doirasida aylanma kameralar, yuz qiyofasidan shaxsni aniqlovchi kameralar hamda davlat raqam belgisini aniqlovchi kameralarning imkoniyatlari ko‘rsatildi. Ushbu texnik vositalar mahallalar, jamoat joylari, obyektlar, taʼlim muassasalari, shuningdek, shahar va tumanlarning kirish-chiqish nuqtalariga o‘rnatilmoqda.

Bugungi kunda barcha hududiy ichki ishlar boshqarmalarida sunʼiy intellekt asosida hududlarni onlayn kuzatish, tezkor qidiruv ishlarini olib borish, kuch va vositalarni boshqarish hamda jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etishga xizmat qiluvchi “Qalqon” axborot tizimi to‘liq ishga tushirilgan.

Davlatimiz rahbari ichki ishlar va qo‘riqlash xizmati ishlarni mahalladan boshlashi, xonadonlarning holatini o‘rganib, ularning xavfsizligini taʼminlashi zarurligini alohida taʼkidladi. Toshkent megapolis shahar ekanini inobatga olgan holda, qonunbuzarlik va jinoyat omillarini muntazam tahlil qilish kerakligiga eʼtibor qaratdi.

“Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida yagona platforma, 13 ta maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, yagona elektron xarita, 42 ming 750 ta intellektual kamera hamda 17 ta yong‘in xavfsizligi monitoringi tizimi faoliyat yuritmoqda. Ushbu tizimlar konsepsiyaning asosiy tarkibiy qismini tashkil etadi.

Joriy yilda ham vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda intellektual transport tizimlari, avtoturargohlarni boshqarish, ekologik va seysmologik monitoring, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish tizimlarini joriy etish va integratsiyalash ishlari davom ettirilayotgani maʼlum qilindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi va davlat organlarining “Xavfsiz shahar” yagona platformasi texnik imkoniyatlaridan uyg‘un foydalanishi natijasida bir necha yuz milliard so‘m byudjet mablag‘lari tejalayotgani qayd etildi. “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi xalqaro darajada ham katta qiziqish uyg‘otayotgani maʼlum qilindi.

Shu bilan birga, yaratilgan shart-sharoitlar natijasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Raqamlashtirish departamenti uchun zamonaviy talablar asosida yangi bino qurilishi boshlangani maʼlum qilindi. Yil yakuniga qadar tarmoq qamrovini yanada kengaytirish, sunʼiy intellekt asosida kamida to‘rtta yangi tizimni platformaga ulash hamda raqamlashtirish darajasini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz hozirgi kunda jinoyatchilik shakllari va omillari o‘zgarayotgani, ammo ularga mos tizim va choralar yetarli emasligini qayd etdi. Ayniqsa, kiberxavfsizlik yo‘nalishida jinoyatlar ko‘payib borayotgani va ushbu xavflarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar jadallashtirilmasa, aholi uchun jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkinligini taʼkidladi.

Bu borada salohiyatli kadrlar yetishmasligi asosiy muammo ekani, bank va ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularni muntazam o‘qitishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi. Shuningdek, videokuzatuv tizimlarini joriy etishda ularni o‘rnatadigan va samarali boshqaradigan mutaxassislarni tayyorlash, davriy o‘quvlarni tashkil etish muhim ekanini taʼkidladi.

Shundan so‘ng Toshkent shahrida tashkil etilgan “Xavfsiz ko‘cha”, “Xavfsiz yo‘lak” hamda gastronomik yo‘laklarda jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan ham tanishildi.

Tashrif davomida Qo‘riqlash xizmati xodimlarini soha bo‘yicha o‘qitish jarayoni, profilaktika inspektorlari bilan o‘tkazilayotgan amaliy mashg‘ulotlar ko‘zdan kechirildi.

Davlatimiz rahbariga Situatsion markaz faoliyati taqdimoti orqali xavfsizlikni taʼminlashda zamonaviy boshqaruv va monitoring tizimlarining o‘rni haqida maʼlumot berildi.

Situatsion markaz Qo‘riqlash xizmatining bo‘linmalari harakatlarini nazorat qilish, monitoringini yuritish, tezkor va favqulodda vaziyatlarda Qo‘riqlash xizmati kuch vositalarini boshqarish, yo‘naltirish va onlayn kuzatish maqsadida tashkil etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo AA

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish